Ma’lumki, dastlabki aholini ro‘yxatga olish ishlari qadimgi Gretsiya, Vavilon, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misr kabi mamlakatlarda o‘tkazilgan. Aholining rivojlanishi uning tarkibiy tuzilishi, xususiyatlari va demografik jarayonlarning uzluksiz ravishda o‘zgarib borishi ta’sirida sodir bo‘lib boradi. Shu sababli aholini tadqiq etish, doimiy ravishda xususiyatlarini kuzatib borish talab etiladi.
Mamlakatimizda oxirgi umummilliy aholini ro‘yxatga olish 1989 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, o‘tgan 35 yildan ortiq vaqt ichida demografik va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi.
Milliy matbuot markazida Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi, unda aholini kamida har 10 yilda, qishloq xo‘jaligini esa har 5 yilda ro‘yxatga olish belgilandi. 2021 yilda aholi va 2022 yilda qishloq xo‘jaligi sinov tariqasida ro‘yxatga olindi. To‘liq ro‘yxatga olish zarur texnik tayyorgarlik, huquqiy asoslar va boshqa omillar sabab 2026 yilga ko‘chirildi.
Aholini ro‘yxatga olish jarayonining qishloq xo‘jaligi bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi muhim strategik ahamiyatga ega. Aholi va qishloq xo‘jaligini birgalikda ro‘yxatga olish xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, vaqtni tejash va so‘rovlarni maqbullashtirish imkonini beradi. Bu yondashuv mamlakatning moliyaviy va tashkiliy resurslarini samarali boshqarishga xizmat qiladi, shu bilan birga ma’lumotlarning to‘liqligi va sifatini oshiradi.
Ro‘yxatga olish jarayoni 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha bo‘lib o‘tadi. Mazkur jarayon 3 ta bosqichda tashkil etiladi. Dastlabki 17 kun davomida aholiga internet orqali ma’lumotlarni kiritish imkoniyati yaratiladi.
Aholi o‘zi va oila a’zolari to‘g‘risidagi savolnomani mustaqil to‘ldirishi mumkin bo‘ladi. Keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” a’zolari ishtirokida uyma-uy yurib ma’lumotlar yig‘iladi. Jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun “mahalla yettiligi” a’zolari maxsus dasturlar asosida tayyorlanadi va ularning faoliyati rag‘batlantiriladi. Ularning aholi bilan doimiy muloqotda bo‘lishi va mahalliy aholi ehtiyoji hamda sharoitlarini yaxshi bilishi ro‘yxatga olish ma’lumotlarining sifatini, haqqoniyligi va aniqligini kafolatlaydi. Bu yondashuv nafaqat iqtisodiy tejamkorlikni ta’minlaydi, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlaydi.
Ro‘yxatga olish jarayonlari yakunlangandan so‘ng ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish bosqichi boshlanadi. Natijalar Yevropa statistiklar konferensiyasining 2020 yilgi tavsiyalariga muvofiq umumlashtiriladi. Natijada mamlakatimiz aholisining demografik tarkibi, migratsiya jarayonlari, oilaviy holati, faoliyat turlari va daromad manbalari to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanadi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik sohasiga oid ko‘rsatkichlar aniqlanadi.
Yig‘ilgan ma’lumotlar respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda muhim axborot bazasi bo‘lib xizmat qiladi.
Ro‘yxatga olish jarayonlari o‘tkaziladigan mazkur davr aholi va qishloq xo‘jaligi sohasi uchun nisbatan kam harakatlanadigan qish fasliga to‘g‘ri kelishi bilan ham qulaylik yaratadi. Bu davrda qishloq xo‘jaligida ham mavsumiy ishlar kamaygan bo‘lib, fermerlar va dehqonlar uchun ma’lumotlarni taqdim etish vaqti qulayroq bo‘ladi.
Mavsumiy omillarni hisobga olish, shuningdek, tashkiliy imkoniyatlardan samarali foydalanish ro‘yxatga olish jarayonining aniqligi va to‘liqligini ta’minlaydi. Masalan, qish faslida chorva mollarining soni va yer resurslaridan foydalanish holatini aniqlash osonroq bo‘lib, bu ma’lumotlarning ishonchliligini oshiradi.
So‘rovnomadagi 71 ta savolning 54 tasi aholiga, 17 tasi qishloq xo‘jaligiga oid. Jumladan, asosiy demografik ko‘rsatkichlar, aholining daromad manbai, bandligi va ta’lim darajasi, turar joy xususiyatlari, ayrim toifalar, chet el fuqarolari hamda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha savollar o‘rin olgan.
Xulosa qilib aytganda, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish nafaqat davlat organlari uchun statistik ma’lumotlar yig‘ish vositasi, balki butun jamiyatning farovonligi va kelajak rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim tadbirdir.
[gallery-25542]
Ushbu jarayonda olingan ma’lumotlar mamlakatimiz barcha fuqarolarining yashash sifati, ijtimoiy farovonligi va kelajak imkoniyatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, har bir fuqaroning faol va mas’uliyatli ishtiroki ushbu tarixiy jarayonning samarali va muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA