Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har 10 ming kishiga 22,3 nafar shifokor va 99,4 nafar o‘rta tibbiyot xodimi to‘g‘ri keladi
18:37 / 2024-04-18

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, tibbiy sug‘urta tizimi bilan aholini 100 foiz qamrab olish, 2023–2025-yillarda «Elektron retsept»tizimini joriy etish, sanatoriylarga yo‘llanma olish, navbatni kuzatish va bo‘sh o‘rinlarni ko‘rish imkoniyatini beradigan «Elektron sanatoriy» platformasini ishlab chiqish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan ishlar ham kelgusi rejalar uchun muhim asos bo‘ladi. Shu maqsadda, hukumatimiz tomonidan ushbu sohaga qaratilayotgan e’tibor va uning natijalari keng qamrovlidir.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Anvar Shoazizov 2017-2023-yillarda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan islohotlarning asosiy natijalariga ahamiyat qaratdi:

– Ta’kidlash kerakki, bugun qaysi sohani qaramaylik, unda katta o‘zgarishlarni kuzatish mumkin. Shu kabi sog‘liqni saqlash tizimida ham yangiliklar tatbiq etib borilmoqda.

2017-2023-yillardagi o‘zgarishlarni raqamlar tahlilida ko‘radigan bo‘lsak, ushbu davrda davlat byudjetidan sog‘liqni saqlash tizimi uchun ajratilayotgan mablag‘lar qariyb 3,9 barobar oshgan. Agar xarajatlar 2017-yilda 7330 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 28 426 milliard so‘mga yetdi va davlat byudjeti xarajatlaridagi ulushi 22 foizni tashkil qildi. 

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida faoliyat yuritayotgan davlat tasarrufidagi korxona va tashkilotlarning umumiy soni 2017-yildagiga nisbatan 1,9 barobar oshdi va 11 ming 31 taga yetdi. Faoliyat yuritayotgan davlat ambulatoriya-poliklinika muassasalari soni 2696 tani tashkil etadi. Ular bir smenada 354 ming 738 qatnov quvvatiga ega. Har 10 000 kishiga 98,5 qatnov to‘g‘ri keladi. Davlat tasarrufidagi shifoxonalar soni 573 taga yetdi. Ularda 124 ming 101 ta o‘rin mavjud. Har 10 000 kishiga 33,7 qatnov to‘g‘ri keladi. Bir bemor o‘rtacha 6,3 kun ichida davolanib chiqadi. 

Sohaning mutaxassislar bilan ta’minlanish darajasi yaxshilanib bormoqda. Bugun har 10 000 kishiga 22,3 nafar shifokor va 99,4 nafar o‘rta tibbiyot xodimi to‘g‘ri keladi. O‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 2017-yildagi 73,7 yoshdan 2022-yilda 74,7 yoshga ko‘tarildi. 

2017-2023-yillar oralig‘ida o‘limning umumiy koeffitsiyenti 5,0 promilledan 4,7 promillega, yuqumli va parazitar kasalliklar tufayli o‘lim darajasi 1,7 foizdan 1,3 foizga, ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari tufayli o‘lim darajasi 5,7 foizdan 4,1 foizga hamda mehnatga layoqatli yoshdagilar o‘limi 27,6 foizdan 24,6 foizgacha kamaydi. 

Shuningdek, mamlakatimizda tibbiyot turizmining rivojlanishi sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning sezilarli natijasi bo‘ldi. Agar 2017-yilda O‘zbekistonga davolanish maqsadida kelgan sayyohlar soni 28,7 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 63,3 ming nafarga yetdi. Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish doirasida mamlakatimizda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqalarini elektron shaklda rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi. Sirdaryo viloyati va Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urta tizimi joriy etildi. 

Albatta, tizimdagi bu kabi islohotlar samarasi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosida mustahkam poydevor bo‘ladi, deyish mumkin.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA