Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Haqqim bor" filmi "Epica Awards" xalqaro tanlovi g‘olibi bo‘ldi
10:18 / 2026-03-03

Zamonaviy jamiyatda bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va xavfsiz muhit yaratish dolzarb vazifalardan biriga aylandi. Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashabbuslar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan yaratilgan "Haqqim bor" nomli film nufuzli "Epica Awards" xalqaro tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Mazkur film bolalarga nisbatan zo‘ravonlik muammosini ochib berib, jamiyatdagi eng og‘riqli va dolzarb masalalardan biriga e’tibor qaratadi. U nafaqat ijtimoiy muammoni ko‘tarib chiqadi, balki har bir bolaning huquqi, qadri va xavfsizligi ustuvor ekanini keng jamoatchilikka yana bir bor eslatadi.

"Epica Awards" — butun dunyo bo‘ylab reklama va kreativ sohadagi eng nufuzli tanlovlardan biri hisoblanadi. Unda har yili turli mamlakatlardan agentliklar va brendlarning eng yaxshi ijodiy ishlari baholanadi. Mazkur mukofotni qo‘lga kiritish agentlikning bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlari xalqaro darajada e’tirof etilganini ko‘rsatadi.

Film Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva tashabbusi bilan suratga olingan bo‘lib, o‘tgan 2024-yilning may oyida keng jamoatchilikka taqdim etilgan edi. Qisqa vaqt ichida u nafaqat tomoshabinlar, balki xalqaro ekspertlar tomonidan ham yuqori baholandi.

Xususan, film "Red Jolbors" hamda "STAFF PICK" kabi xalqaro tanlovlarda ham sovrindor bo‘lib, ijtimoiy mas’uliyat, barqaror rivojlanish va jamoatchilik bilan samarali muloqot yo‘nalishlaridagi yondashuvi uchun alohida e’tirof etildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday loyihalar nafaqat ijtimoiy muammolarni yoritadi, balki jamiyatni o‘ylashga, bolalar taqdiriga befarq bo‘lmaslikka undaydi. “Haqqim bor” filmi esa har bir bolaning himoyasi — umumiy mas’uliyat ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA