Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haqiqiy kuz — yomg‘ir bilan boshlanadi
17:53 / 2025-10-16

Bugungi kunda odamlar orasida bosh og‘rig‘idan shikoyat qiladiganlar ancha ko‘payib qolgan. Ayniqsa, shaharda istiqomat qiladiganlar shikoyat qiladiganlarning aksarini tashkil etadi.

Iqlimshunoslarning fikricha, bunga bu yilgi kuz faslining odatdagidek kelmagani sabab.

—Qurg‘oqchilik davom etmoqda. Yozda oftobda kuygani hali sovimagan tuproq zarrachalari havo tarkibida muallaq yuribdi. Harorat yuqori, shamollar havoni yanada quritmoqda. Havo chang, og‘ir, unda insonning shoshqaloqligi va sanoatning is gazi ham aralashib ketgan.

To‘g‘ri, quyoshdan charchagan odam tanasiga endigi quyosh tafti yoqimlidek, uyqular ham normallashgandek, go‘yo. Ammo, miya hanuz dam olmayapti.

Havo qulay emas, qandaydir og‘ir. Unda nafaqat chang, balki insonning haddan ziyod shoshilishi, tabiat bilan hisoblashmagan sanoatning is gazi ham uchib yuribdi. Kislorod kam. Qad rostlagan bino har kuni yanada balandga ko‘tarilmoqda, lekin kislorod ko‘paymayapti. Qishloqdan poytaxtga, shamoldan ko‘kka intilish bor, havo ayni damda o‘ziga sig‘may qolgandek, deya qayd etdi iqlimshunos olim Erkin Abdulahatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ekologik muvozanat buzilmoqda. Bu yilgi kuz na rangi, na nafasi bilan odatiy emas. Barglar ho‘l sarg‘ayish o‘rniga qaqragan va chang bosgan. Oltintob yaproqlar jilosi so‘nib, havoda xazon hidi sezilmayapti. Tunlari tiniq yulduzlar o‘rniga sarg‘ish tuman pardalari paydo bo‘lgan. Odamlar esa charchoq, uyqusizlik va nafas siqishi kabi holatlarni boshdan kechirmoqda.

Olimning fikricha, bunga yagona yechim yomg‘ir.

— Tabiatning nafasi, osmonning eng sof ifodasi bo‘lgan yomg‘ir kerak. Yomg‘ir changni ham, yurakdagi og‘irlikni ham yuvib tashlaydi.

Haqiqiy kuz — yomg‘ir bilan boshlanadi, — deydi E.Abdulahatov.

Sherbek Islomov, O‘zA