New York Times gazetasi pandemiya bilan bog‘liq umumiy qiymati 22 milliard dollarlik 1 ming 200 ta hukumat shartnomasini tahlil qilib, Buyuk Britaniya hukumatining harakatlarini shunday baholadi.
Ma’lum bo‘lishicha, 11 milliard dollar atrofidagi mablag‘ Konservativlar partiyasidan bo‘lgan siyostchilar tarafdorlari yoki bo‘lmasa ushbu sohada tajribasi yo‘q kishilar boshqarayotgan kompaniyalarga berilgan.
Taxminan 5 milliard dollar siyosatchilar bilan aloqasi bo‘lgan kompaniyalarga berilgan. Ayrim kompaniyalar shtatda sobiq vazirlar va hukumat maslahatchilari bo‘lib chiqdi, boshqalari esa Konservativlar partiyasiga xayriya qilgan.
6 milliard dollar shaxsiy himoya vositalari yetkazib berish bo‘yicha tajribasi bo‘lmagan kompaniyalarga sarflangan. Foydali shartnomalarga modelerlar, hasharotlarga qarshi kurashuvchilar, zargarlar kabi tasodifiy kompaniyalar ega bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
5 milliarddan ziyod mablag‘ esa firibgarlarga, ya’ni soliq to‘lamaslik va boshqa qonunbuzarliklar sodir etgan kompaniyalarga ajratilgan.
Jami 3,6 milliard dollarlik shartnomalarga ega bo‘lgan o‘nlab kompaniyalarning kreditlarni qaytarish imkoniyati past daraja bo‘lgan. Ayrimlari hisobida 2 yoki 3 dollar borligini ko‘rsatilgan, xolos.
Qolganlari ham shunga o‘xshash shubhali shartnomalar. Gazeta tartibsizlik va korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgani haqida yozar ekan, rahbari hukumat tuzulmasiga yaqin bo‘lgan Ayanda Captal kompaniyasini misol keltiradi. Mazkur kompaniya shaxsiy himoya vositalari yetkazib berish uchun qariyb 340 million dollarga baholangan shartnomani qo‘lga kiritgan. Oxir oqibat, 200 million dollar evaziga 50 millionta foydalanib bo‘lmaydigan tibbiy niqob yetkazib berilgan. Bu niqoblarning bog‘ichi hukumatning yangi talablariga umuman javob bermagan.
Xullas, pandemiya shundog‘am qariyb barcha mamlakatlar, jumladan, Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga katta ziyon keltirib turgan bir paytda, mablag‘larni beparvolik, tanish-bilishchilikka qarab taqsimlash nafaqat hukumat doirasida inqiroz keltirib chiqarishi, qolaversa, koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar hamon keskin bo‘lib turgan hozirgi kunda jamoatchilik kayfiyatiga ham salbiy ta’sir etishi turgan gap.
Bularning barchasi Konservativlar partiyasining hukumatdagi boshqaruv mavqeiga putur yetkazishi turgan gap, deydi siyosiy kuzatuvchilar.