English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haqiqiy go‘zallik milliylikdan boshlanadi
11:46 / 2025-07-25

Bugun shahar ko‘chalarida, to‘y-ma’rakalarda va rasmiy tadbirlarda milliy libos kiygan insonlarni ko‘rib ko‘z quvonadi. Atlas va adrasdan tikilgan ko‘ylaklar, ziynatli chopon va do‘ppilar. Bular nafaqat zeb-ziynat, balki xalqimizning qalbidagi madaniyat va go‘zallikka bo‘lgan muhabbatning yorqin ifodasidir.

Yaqinda mahalladagi bir to‘yda qizlarimizning atlas ko‘ylaklarda xirom aylayotganini ko‘rib quvondim. Qancha zamon o‘tmasin, milliy kiyim o‘z qadrini yo‘qotmaydi. Aksincha, zamonga moslashib, yanada go‘zal va zamonaviy ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.

Erkaklar orasida ham chopon va do‘ppi kiyish qaytadan urfga kiryapti. Turli tadbirlarda rahbarlarning milliy chopon va do‘ppida xalq oldida chiqishlari, kishiga iftixor bag‘ishlaydi. Rahbar kiygan libos xalq orasida izzatda bo‘ladi, milliy kiyim esa oriyat, kamtarlik va o‘zlik ramzi sifatida qadrlanadi.

Afsuski, ayrim yoshlar “milliy kiyimlar eskirgan”, “modadan qolgan” deb o‘ylashadi. Ammo shu “eski” deb qaralgan liboslar hozirgi kunda jahon miqyosida eng ko‘rkam, qadrli va ma’noli liboslar sirasiga kirayotganini unutmaslik kerak. Har bir millat o‘z kiyimi orqali taniladi. Milliy libos kiyish o‘zlikni, millatni va qadriyatni ardoqlashdir.

Bugungi kunda o‘zbek milliy liboslari nafaqat bayram va to‘ylarda, balki kinolarda, sahnalarda, hatto kundalik hayotda ham ko‘p ko‘rinayapti. O‘zbek kinosi va sahna san’atidagi ko‘plab mashhur obrazlar milliy kiyimlar orqali xalqimizning qalbida o‘chmas iz qoldirgan.

Masalan, Abdulla Qodiriy haqidagi filmdagi personajlar belbog‘li, choponli, do‘ppili holda tarixni namoyon etadi. “O‘tkan kunlar”, “Tohir va Zuhra”, “Shum bola” kabi filmlarda qizlar atlas ko‘ylakda, yigitlarning boshida do‘ppi. Bu orqali ham o‘tmishimiz, madaniyatimiz, milliyligimiz ko‘rsatib berilgan.

San’at olamidagi sevimli aktyor va aktrisalar kliplar, konsertlar va ommaviy tadbirlarda milliy liboslarda chiqmoqda. Ayol xonandalarning konsertlarida adras va ipakdan tikilgan zamonaviy ko‘ylaklar orqali milliylik va moda o‘rtasida go‘zal uyg‘unlik yaratilyapti. Bu orqali yoshlarda milliy kiyimga qiziqish, o‘zlikka hurmat uyg‘onib bormoqda.

O‘zbekistonda milliy libos nafaqat moddiy meros, balki milliy iftixor va ma’naviy tarbiya vositasi sifatida ham keng targ‘ib qilinmoqda. Har yili mamlakatimizning turli shaharlarida bu yo‘nalishda muhim tadbirlar tashkil etilayotir.

Shulardan biri — O‘zbekiston moda haftaligi. Bu tadbir har yili Toshkent shahrida o‘tkaziladi. Unda mahalliy va xorijiy dizaynerlar ishtirok etib, o‘zbek milliy matolari — adras, atlas, beqasam va zardo‘zlik orqali zamonaviy kiyimlarni namoyish qiladi. 

O‘zbek liboslari xalqaro sahnada keng targ‘ib etilayotir. 

Bundan tashqari, “Hunarmand” uyushmasi mamlakatimizning turli hududlarida milliy liboslar va matolar ko‘rgazmalarini tashkil qilib, mahalliy hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Farg‘ona vodiysi, ayniqsa, Marg‘ilon shahrida har yili o‘tkaziladigan “Atlas bayrami” milliy libos va zeb-ziynat bayramiga aylangan. Bu tadbirda ayollar adras va atlasdan tikilgan milliy liboslarda qatnashib, o‘zlikni, go‘zallikni va qadriyatni namoyon qiladi.

Toshkent shahrida esa “Milliy libos — milliy qadriyat” festivali o‘tkazilib, unda maktab, kollej va universitet talabalari milliy liboslarda qatnashib, milliylikni ardoqlashda faol ishtirok etmoqda.

Umumxalq bayramlarida, turizm festivallarida va hunarmandchilik yarmarkalarida milliy libosda qatnashish keng ommalashgan. Shuningdek, xorijlik mehmonlar uchun tashkil etiladigan tadbirlarda ham o‘zbek milliy kiyimlari orqali mamlakat imiji targ‘ib qilinmoqda.

Teleradiokanallarda ham “Milliy libos haftaligi” kabi maxsus ko‘rsatuvlar orqali milliy kiyim madaniyati keng targ‘ib etilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, o‘zbek milliy liboslari xalqimizning ruhi, oriyati, madaniyati va go‘zallikka muhabbatining ko‘zgusidir. Uni kiyish o‘zlikni ardoqlash, saqlash — kelajak avlodga ma’naviy meros qoldirish demakdir. 

Nigora Rahmonova, O‘zA