Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haqiqat o‘tda yonmaydi, suvda cho‘kmaydi
16:36 / 2020-11-10

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 8 oktyabrdagi "Qatag‘on qurbonlari merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoyishi tarixiy haqiqatni tiklashga doir ishlarga yangicha mazmun bag‘ishlagani bilan ahamiyatlidir. O‘zA muxbiri sohaga mas’ul mutasaddilarning fikri bilan qiziqdi.

Baxtiyor HASANOV, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori:

– bugungi globallashuv jarayonlari shiddat bilan kechayotgan bir murakkab davrda yoshlarning tarixiy haqiqatni to‘g‘ri anglashi g‘oyat muhimdir. Rosti, kimlarningdir "Mustaqillikka o‘z-o‘zidan erishilgan" qabilidagi mutlaqo noto‘g‘ri fikrlari yoshlarning bugungi ozod va obod, tinch va osoyishta kunlarga go‘yoki osmondan tushgan ne’matdek munosabatda bo‘lishiga zamin yaratayotgani ham bor gap. Yuqorida nomi keltirilgan farmoyish asosida sohaga taalluqli bo‘lgan 32 ta vazirlik va idoraning mutasaddilaridan tarkib topgan ishchi guruhi tuzilib, tegishli"Yo‘l xaritasi" ishlab chiqildi. 

Ayni paytda joylarda, mahallalarda olib borilayotgan ishlarga ko‘maklashish maqsadida tarixchi olimlar, muzey mutaxassislaridan iborat ilmiy ishchi guruhlar ham tashkil etildi. Tegishli vazirlik va idoralarning arxivlarida faoliyat olib borishda bu guruhlarning ahamiyati katta bo‘lmoqda. Muzeyimizga odamlardan kelayotgan xatlar, murojaatlar oqimi yanada ko‘paydi. Zero, boshiga qatag‘on yillarining mash’um ko‘rguliklari tushgan xonadonlar, oilalar kam emasligi ayon bo‘lmoqda. Shunday xat va murojaatlar asosida ham tegishli tadqiqotlar olib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ilmiy izlanish, o‘rganish jarayoni to‘liq tarzda ishga tushdi. Bu boradagi barcha sa’y-harakatlar natijasida farmoyishda ko‘zda tutilganidek, shahid bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasini kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish maqsadida ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobi nashrga tayyorlanishi va chop etilishi ko‘zlangan.

O‘g‘iloy ERBO‘TAEVA, Guliston davlat universiteti qoshidagi Qatag‘on qurbonlari muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi:

– Farmoyish qabul qilingach, joylardagi hokimliklar, mahallalar bilan hamkorlik kuchaydi. Qatag‘on qurbonlarini mahallalar orqali so‘rab-surishtirish ishlari davom etmoqda. Masalan, qariyalar bilan suhbatlar asosida aniqladikki, viloyatning Boyovut tumanida sho‘rolar davrida repressiyaga uchraganlar uchun maxsus mehnat lageri bo‘lgan ekan. Bu kabi mehnat lageri sobiq "Malik" sovxozi hududida ham aniqlandi. Shu bilan birga o‘ttizinchi yillarda Ukrainaning Kaxovka degan qishlog‘iga surgun etilgan dehqonlar aniqlandi. Ular o‘sha yerlarda ham ekin-tikin bilan shug‘ullangan ekan. Prezidentimizning "Qatag‘on qurbonlari merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoyishi katta mas’uliyat bilan ish olib borishga undaydi.

Ansatboy ALIMBETOV, Qoraqalpoq davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari muzeyining fond saqlash bo‘limi mudiri:

–- Muzeyimiz 2018 yil 28 fevralda ochilgan. O‘shanda 740 ta eksponat bilan ish boshlagandi. Hozir ular soni ikki mingdan oshib ketdi.Farmoyish qabul qilingach, arxiv sohasi, mahalla, universitetning tarixchi olimlari, mas’ul mutaxassislardan iborat 17 kishilik ishchi guruhi tuzildi. Ularning samarali ishlashi uchun zarur sharoit yaratildi. Hozir har bir tumanda mahalla raislari bilan birga qatag‘on qurbonlari nomini aniqlash bo‘yicha ish olib borilyapti. Hozirgacha bir necha o‘nlab shunday yurtdoshlarimizning taqdiri, faoliyati, hayotiga doir qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Farmoyish mazmunini keng targ‘ib etish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan uzviy ish olib borilyapti.

Rustambek SHAMSUTDINOV,  Andijon davlat universiteti professori,  tarix fanlari doktori:

– O‘sha mash’um davrdagi terrorning kulminatsion nuqtasi o‘tgan asrning 37-38 yillariga to‘g‘ri keladi. Andijon davlat universitetida shu mavzuga oid beshta kitob chiqarildi. Farmoyishda belgilangan vazifalarni hayotga izchil joriy etish uchun O‘zbekistondagi ilmiy salohiyatni ko‘tarish, kuchlarni birlashtirish kerak. Shaxslarsiz tarix bo‘lmaydi. Taraqqiyparvar bobolarimizning faoliyatini targ‘ib etish muhimdir.