French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haqgo‘y, kamtarin ijodkor yodi
11:55 / 2025-02-01

Sho‘rolar tuzumi davrida haqiqatni ayta olgan, tarixning achchiq sabog‘i, hayot haqiqatlarini aks ettirishda Nazir Safarov katta jonbozlik ko‘rsatgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Nazir Safarov tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan adabiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Adabiy anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri  Sirojiddin Sayyid va boshqalar adib, publitsist Nazir Safarovning ijodi, insoniy fazilatlari haqida batafsil to‘xtaldi.

–  Nazir Safarov asarlarini bolaligimizdan o‘qiganmiz, - dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo. –  U ulug‘ ijodkor bo‘lishi bilan birga, bag‘rikeng, mehribon, saxiy, odamiy inson edi. Atoqli jurnalistlarimizning aksariyati Nazir akaning mehridan, yaxshiliklaridan bahramand bo‘lganlar. Ijodkor mustabid tuzumning eng murakkab davrida yashadi. Uning davr bilan bog‘liq ijod namunalarini, ayniqsa Ikkinchi jahon urushi yillari qahramonlari, qatnashchilari haqidagi ocherklari musavvirona tasvirlangani bilan ahamiyatlidir. Nazir Safarovning “Navro‘z” romani katta tarixiy qiymatga ega ekani bilan ajralib turadi. Uning ijodi yoshlar uchun ham ibrat manbaidir.  

–  Ulug‘ adibimiz kech bo‘lsa-da, esga olinayotgani adabiy hayotimizda katta voqeadir, - dedi Respublika “Nuroniy”  jamg‘armasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari, ustoz jurnalist, taniqli publitsist Sharof Ubaydullayev. – Nazir Safarov favqulodda oddiy odam edi. Eshigi ertalabdan kechgacha ochiq turardi. Nazir Safarov juda qo‘li ochiq, saxiy inson edi. U muammoli tomoni bo‘lmasa, birorta maqolaga qo‘l urmasdi.  Ijodkor haqida yozuvchi Muhammad Ali “Nazir Safarov” nomli monografiya chiqargan. Shu kitobning bir xususiyati bor. Unda Nazir Safarovning haqgo‘y ijodkorligi ta’sirchan ochib berilgan. O‘tgan asrning 70-yillarida “Ming tonnachilik” nomli tashabbus yuzaga kelgan. Bu tashabbusning paxtakorlarga qiyinchilik keltiradigan jihatlarini Nazir Safarov o‘z tanqidiy maqolasida haqqoniy  aks ettirgan edi. Ana shu maqola “Guliston” jurnalida chop etilgandi. Nazir Safarov 11 yoshida Jizzax qo‘zg‘olonining  ichida bo‘lgan. Bu tarixiy voqelik uning asarlarida ham aks etgan. Yozuvchining 120 yilligini nishonlash uning o‘ziga hech nima bermaydi. Bu bugungi ijodkorlar, yoshlarimiz, bo‘lajak jurnalistlar uchun juda muhimdir.

–  Jizzax jigargo‘sha yurtimiz, - dedi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Istibdodga qarshi eng katta qo‘zg‘olon Andijondan keyin,  Jizzaxda bo‘lgan. To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydigan zamonlarda Nazir Safarov shularning barini yo‘l-yo‘rig‘i bilan ayta olgan ijodkor edi. U xalq uchun kuyib-yongan, faol, charchamas ijodkor edi.  

–  Otamning yorqin xotirasi yodga olinayotganidan juda mamnunmiz, – dedi yozuvchining o‘g‘li Asqar Safarov. -  Men asosan harbiy sohada faoliyat ko‘rsatdim. Biz – farzandlarga ota-onamizdan halollik, insoniylik, oriyat, insof va diyonat, oddiylik bolalikdan singdirildi. Bizlar ayni fazilatlar bilan ulg‘aydik. Otam xotirasi shunday hurmat bilan yodga olinayotganidan oilamiz nomidan minnatdorlik bildiraman. 

Manbalarga ko‘ra, adabiyotimizda publitsist, ocherknavis va dramaturg sifatida tanilgan Nazir Safarov 1905 yil 9 yanvarda Jizzax shahrida temirchi oilasida tug‘ildi. U birinchi ziyolilar qatori uzoq qishloqlarga borib dars berdi. Jizzaxda tashkil qilingan «Sanoyi nafisa» to‘garagidagi ishtiroki bo‘lg‘usi ijodkor uchun foydali bo‘ldi.

Nazir Safarov o‘zbek dramaturgiyasining shakllanishida muhim rol o‘ynagan «Tarix tilga kirdi» (1931), «Uyg‘onish» (1939), «Sharq tongi» (1954) kabi sahna asarlarini yaratdi.  «Uyg‘onish»da 1916 yilgi Jizzax qo‘zg‘oloni, «Sharq tongi»da Oktyabr to‘ntarishi, «Tarix tilga kirdi» (Ziyo Said bilan birgalikda yozgan)da turli nizolar, «Kimga to‘y, kimga aza»sida ishchilar sinfining yangilik uchun jangu jadali asosiy mavzu qilib olingan. 

Adabiyot sohasidagi katta xizmatlari uchun Nazir Safarovga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi», “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvonlari berilgan.

Urush davrida Nazir Safarov frontning oldingi jabhalarida bo‘lib, jangchilarning qahramonligini, dushmanning yovuzligini hikoya qiluvchi «O‘q o‘tmas botir», «Vodillik qahramon», «Komissar Qoraboyev», «Sevgi», «So‘nggi nafasgacha», «O‘zbek farzandlari», «Qahramonning tug‘ilishi» kabi qator ocherklar yozdi.  

Uning hayotdagi yangiliklar, yaxshi tashabbuslar targ‘ibotchisi sifatida yaratgan asarlari alohida diqqatga sazovor. «Uzoqni ko‘zlagan ayol» qissasi shular jumlasidandir. Yozuvchining 1954—1957 yillarda yaratgan zamonaviy mavzudagi katta asarlari «Hayot maktabi», «Elmurod» kabi (M.Xudoyqulov bilan hamkorlikda) pesalardan iboratdir. 

Nazir Safarov bir qancha hikoyalar ham yozgan. «Oltinoy», «Olma olmadan uzoqqa tushmaydi», «Ahmadali o‘z baxtini qanday topdi» hikoyalari g‘oyaviy-badiiy jihatdan puxtaligi bilan ajraladi.  

Uning «Bir tomchi qon» (1967), «Ko‘rgan-kechirganlarim» (1968) nomli qissalari, «Navro‘z» (1973) romani 60-yillar adabiyotida sezilarli voqea bo‘lgan. «Ko‘rgan-kechirganlarim» asari uchun muallifga Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berilgan (1968).

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri