Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haq va ezgu soʻz shaydosi
10:20 / 2022-01-11

Bugun taniqli adabiyotshunos, Samarqand davlat universitetining “Istiqlol davri adabiyoti va adabiyot nazariyasi” kafedrasida uzoq yillardan beri samarali faoliyat olib borayotgan filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Hotam Ikromovich Umurov 80 yoshga toʻldi.

Bugungi globallashuv davrida jamiyat hayoti yangilanmoqda. Inson ongini belgilaydigan fan va texnologiyalar misli koʻrilmagan darajada rivojlanayotir. Jahon adabiyotiga ham, oʻzbek sanʼatiga ham bugun kechagi nuqtayi nazar bilan qarab boʻlmaydi. Badiiy soʻz ijodining eng muhim qonuniyatlari ham bunga izn bermaydi. Tom maʼnodagi adabiyot ilmi bilan mashgʻul inson muttasil oʻzini oʻzgartirib borishi, baʼzan oʻtmish va baʼzan bugun, baʼzan kelajak bilan yuzma-yuz kelishi, tabiat va jamiyat, olam va odam bilan bogʻliq sirlardan doimiy ravishda yanada teranroq voqif boʻla borishi, ilohiy-irfoniy tuygʻular ogʻushida yashashi zamon talabi boʻlib qolmoqda. Shundagina asrlar mobaynida badiiy ijod sirlari va soʻz sanʼati dardi bilan umrguzaronlik qilish mumkin.


Nazarimda, ana shunday omillar Hotam Ikromovich Umurovni zabardast adabiyotshunos, zukko munaqqid, soʻz sanʼati tarixi va nazariyasi bilimdoni sifatida elga tanitdi.
Bugun qutlugʻ 80 yoshini qarshi olayotgan bu taniqli olim hayotining 60 yilini ilm va taʼlim-tarbiyaga bagʻishladi. Adabiyot ilmi ‒ hayotning oʻzi qadar keng koʻlamli va bepoyon bir soha. Bu sohada oʻzini namoyon etish kishidan tinimsiz mehnat-mashaqqat, izlanish, sinchkovlik, yaʼni doimiy ravishda faol boʻlishni talab etadi. Adabiyotshunos 100 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar yaratdi, koʻplab sermazmun maqolalar yozdi, yetuk shogirdlar yetishtirdi, ijtimoiy va madaniy hayotning qaynoq jabhalarida faollik koʻrsatdi.

Olim ahli qadimdan ulugʻlanib kelgan, ularga «paygʻambar(s. a. v.)ning vorisi» deb qaralgan. Ilm ahliga muayyan tarmoq mutaxassisigina deb qarash kamlik qiladi. Olimdan jamiyat oldida ulkan masʼuliyat, haqiqatparastlik va haqgoʻylik, xalq dardi bilan yashash talab etiladi.
Hotam Umurov siymosida shunday shaxsiyatni koʻraman. Uning ilmiy yutuqlari, shogirdlarga ustozlik fazilati, jamoatchilik faoliyati bunga asos beradi. Chunki kamina uning pedagogik faoliyati, nomzodlik va keyin doktorlik ilmiy darajalarini olish uchun yozilgan dissertatsiyalari ustida ishlagan yillari, dotsentlik va professorlik ilmiy unvonlarini olishga zamin boʻlgan ilmiy-metodik asarlarini yaratish yoʻlidagi mashaqqatli mehnatlaridan bevosita xabardorman.

Olimning voyaga yetishida oilaviy muhitning alohida oʻrni boʻladi. Buni Hotam aka misolida ham koʻrish mumkin. U mamlakatimizdagi mashhur sulolalardan birining vakili. Onasi ‒ Asolat opa atoqli shoir Hamid Olimjonning singlisi edi. Ikki akasi ham taniqli olim edi. Filologiya fanlari doktori, professor Orif Ikromov ham, fizika-matematika fanlari doktori, professor Gʻani Ikromov ham fan va taʼlim tashkilotchilaridan edi. Qizi ‒ Goʻzal Umurova shu sulola anʼanalarini davom ettirib kelmoqda. U ham filologiya fanlari doktori.

Olim “Adabiyotshunoslik nazariyasi”, “Ilmiy tadqiqot asoslari”, “Adabiyot qoidalari”, “Badiiy ijod asoslari”, “Tahlil chizgilari”, “Tirik sheʼrlar poetikasi”, “Sheʼr texnikasi va poetikasi” singari qator darsliklar va qoʻllanmalar yaratdi. Ularda soʻz va fikrga taqiq munosabat hamda sinchkovlik bilan yondashish ustunlik qiladi. U muayyan asar yaratish jarayonida xalq bisotiga, donishmandlik qarashlariga tayanadi, minglab hikmatli soʻzlarni, dono fikrlarni, maqol va matallarni yigʻadi, ulardan ijodiy izlanishlari davomida zarur oʻrinlarda mahorat bilan foydalanadi. Bu bir tomondan, asar qimmatini oshirsa, ikkinchi tomondan kitobxonlarni qadim hikmat durdonalaridan bahramand etadi.

Uning tadqiqotlarida adabiyotning hech bir mafkura va tizimga yon bosmaydigan asriy qonuniyatlari tahlil etiladi. Bu, ayniqsa, uning badiiy ijod va psixologik-ruhiy masalalar tahlil etilgan tadqiqotlarida yanada yaqqolroq koʻzga tashlanadi.

Badiiy asar falsafa, mantiq, tarix, dinsiz mavjud boʻla olmasligi kabi ruhiy-psixologik omilsiz ham vujudga kelmaydi. Hotam Umurov buni oʻzining dastlabki tadqiqotlaridayoq anglagan va ilmiy muomalaga jalb etgan edi.

Adabiyotshunosning bir qator tadqiqotlarida ilhom, isteʼdod, iqtidor, qobiliyat muammolari oʻrganiladi. Olimda tahlil uchun badiiy matn tanlash mahorati mavjud.

Koʻrinib turibdiki, bu olim ijodiy tajribalarida bugungi yosh avlod uchun saboq boʻladigan jihatlar nihoyatda koʻp. U chinakamiga haq va ezgu soʻz shaydosi. Uning bu xislatidan koʻplar oʻrnak olsa, arziydi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, atoqli olim Hotam Umurovga uzoq umr tilab, undan yana koʻplab sermazmun asarlar kutib qolamiz.

 

Muslihiddin MUHIDDINOV ,
filologiya fanlari doktori, SamDU professori.