Shu kunlarda Portugaliyaning Madeyra shahrida para suzish bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
"Parij-2024" yozgi Paralimpiya o‘yinlariga muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan mazkur nufuzli musobaqada 30 dan ziyod davlatning matonatli sportchilari qatori 6 nafar matonatli sportchimiz ham bahslarda ishtirok etmoqda.
E’tiborlisi, musobaqaning dastlabki kungi bahslari hamyurtlarimiz uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Erkaklar o‘rtasida S13 klassida 100 metrga batterflyay usulida suzish bahsida "Tokio-2020" yozgi Paralimpiya o‘yinlari sovrindori Islom Aslanov 56.94 soniya natija bilan Jahon chempionatining bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
20 iyun kuniga qadar davom etadigan chempionatda O‘zbekiston sharafini Islom Aslanov bilan birga Bogdan Bektimirov, Firdavs Musabekov, Kirill Pankov, Muzaffar Tursunxo‘jayev va Muslima Odilova himoya qilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA