Har yil 12 may — Xalqaro hamshiralar kuni sifatida keng nishonlanadi. Mamlakatimizda ham bu sanada o‘rta tibbiyot xodimlarining mehnati e’tirof etiladi.
Bugun Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida 12 may — Xalqaro hamshiralar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda sog‘liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov yurtimizdagi barcha hamshiralarni ushbu sana bilan tabrikladi.
– Keyingi yillarda hamshiralik faoliyati tibbiyotimiz bilan birga jadal rivojlanib bormoqda, – dedi Asilbek Xudayarov.– Sohada yangi ixtisosliklar paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, bugungi kunda birlamchi davolash-profilaktika muassasalarida 8 ming 500 nafar doya hamshirasining faoliyat yuritayotgani onalar va bolalar salomatligini asrash yo‘lidagi muhim voqea, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish yo‘lida olib borilayotgan chuqur islohotlar natijasidir.
Tantanali marosimda “Yilning eng yaxshi hamshirasi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari hamda 15 ta nominatsiya bo‘yicha “Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” tanlovi sovrindorlari taqdirlandi. Sovrindorlarga esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida “Hamshira — 2024” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari e’lon qilindi.
Bellashuvning hududiy bosqichlarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 15 nafar soha xodimi orasidan shaffof va adolatli shart va mezonlar asosida saralab olingan uch nafar hamshiraga belgilangan mukofotlar taqdim etildi.
Unga ko‘ra, 1-o‘rinni Toshkent viloyati Parkent tuman tibbiyot birlashmasi Bolalar bo‘limi hamshirasi Nazokat Mirsa’diyeva, 2-o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasi Jarrohlik bo‘limi navbatchi hamshirasi Hulkar Qozoqboyeva hamda 3-o‘rinni Andijon viloyati Paxtaobod tuman tibbiyot birlashmasi Jarrohlik bo‘limi kunduzgi hamshirasi Ozodaxon Kimsanova egalladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA