Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hammasi o‘zlikni anglashdan boshlanadi
14:24 / 2023-10-21

Har bir millatning qon-qoniga singib ketgan o‘z qadriyatlari, urf-odatlari, an’analari-yu milliy ruhni o‘zida mujassam etgan ona tili bor.

Go‘dak dunyoga kelar ekan, ilk bor ismini eshitadi va uning kamoli, kelajagi uchun kuylangan ona allasini tinglaydi. U murg‘ak qalbi ila allaga hamohang ulg‘aya boshlaydi. Ilk bor go‘dakning chuchuk tillarida yangragan “ona”, “ota” so‘zlari butun borliqqa nur bag‘ishlagandek bo‘ladi.  

U endi shu til bilan ulg‘ayib boradi. Jajji qo‘lchalaridan tutib, ertaklar so‘zlab berayotgan bobojon-u momojonlarimiz ham aslida tilimiz rivoji, uning asrlar osha umri boqiyligini saqlab qolishga hissa qo‘shishadi. Farzandimiz shu tilda so‘zlaydi, shu yozuvda yozadi va shu tilga yo‘g‘rilgan orzu-umidlari bilan kamol topadi.  

Biroq hammasi ham emas... Tilimiz rivojiga to‘siqlar  aslida biz mayda-chuyda, deya qarayotgan kichik muammolardan paydo bo‘layotgani ham ayni haqiqat. “Ko‘z qorachig‘i”miz sal ulg‘aygandan bog‘cha tomon yuguramiz. Rus tilida biyron so‘zlashi uchun uni shu tildagi bog‘chaga beramiz. Imkon qadar o‘zimiz ham u bilan shu tilda so‘zlashamiz. Keyin uning yoniga ingliz, nemis, fransuz kabi turli tillarni kiritamiz. To‘g‘ri, uning dunyoqarashi boyib boradi. Dunyo yoshlarining nigohi bilan atrofni kuzata boshlaydi. Biz uning yanada mukammal bilimga ega bo‘lishi uchun endi shu tillardagi maktablarga joylaymiz. Uning turli tillar bilan turli yo‘sindagi ma’naviyat-u madaniyatlarga taqlidi kuchayib boradi. Turli tillarda hech bir xatosiz so‘zlay oladi-yu, biroq o‘zbek tilini deyarli bilmaydi. Haliyam tilimizdagi turli xil qochirimlar, o‘xshatishlar, so‘z o‘yinlari haqida aytmayapman. Shunchaki oddiy so‘zlar ma’nosini bilmagani achinarli hol. Bu jihatlar ayrim dunyo tanigan-u, lekin o‘zligini tanimaganlar kishilarga xos.  

Bugun dunyo minbarlarida muhtaram Prezidentimiz ona tilimizning mavqeini ko‘tarish maqsadida o‘zbek tilida so‘zlayotgani qalbimizga faxr tuyg‘usini soladi. Biroq bu fidoyilikni biz ham qo‘llab-quvvatlashimiz, jamiyatning bir bo‘lagi sifatida anglashimiz lozim. Mayli, farzandlarimizga xorij tillarini o‘rgataylik, biroq, avvalo, ularga o‘zligimizni tanishni, anglashni, o‘z ona tilimizni bilishni ham uqtirib borishimiz lozim.  

Ko‘pchilik yuqori lavozim egalarining ham ona tilimizni bilmasligi, turli tadbirlarda o‘zbek tilida qiynalib, aksincha boshqa tillarda ravon so‘zlashi biroz ta’bimizni xira qiladi.  

Tilimiz haqida, uning ma’lum bir muammolari, yanada rivojlanishi to‘g‘risida turli xil hujjatlar qabul qilindi. Ne-ne olimlar-u ziyoli qatlam vakillari tilimizning yuksalishi uchun o‘z fikr-mulohazalari, ilmiy izlanishlari, tadqiqotlarini OAVlardagi chiqishlari orqali xalqimizga yetkazib kelmoqda. Biroq katta muammo aslida o‘zimizda, har birimizda ekanligini anglash payti keldi, menimcha. Har ikki gapimizning orasida to‘rtda chet tillardan kirib kelgan so‘zlar. Go‘yoki, shu so‘zlarni qo‘shib gapirsak, o‘zimizni yuqori darajada his qilgandekmiz. Barchasini o‘ylash, tahlil qilish, tilimizni asrab-avaylash haqida gapirishdan avval o‘zimiz amal qilishimiz, o‘zimiz til xususiyatlari buzilishining oldini olishimiz shart va lozimdir.  

Zero, o‘zlikni namoyon qilish  o‘zlikni anglashdan boshlanadi.

 

Gulsanam  Norova,  

filologiya  fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

O‘zA