Tomorqa – daromad manbai
Qishloq joylarda har bir xonadonda tomorqa yerlari bor. Lekin hamma ham undan unumli foydalanyapti deb bo‘lmaydi. Hayhotdek hovliga beda ekib, yerning umrini o‘tkazib, ishsizlikdan nolib, osmonga qarab yotganlar kam emas. Ammo tomorqasini gullatib, kaftdekkina yerdan ham million-million daromad ko‘rayotgan omilkor dehqonlar borki, ularning qilayotgan ishlariga boqib inson eplay olmaydigan ish yo‘q, deysan go‘yo.
Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Esaboy mahallasi aholisi ancha yillardan buyon sabzichilikda o‘ziga xos tajriba orttirgan. Fermer xo‘jaligi dalalariga g‘alladan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin sifatida gektarlab sabzi ekishadi. Qishloqda nafaqat sabzi yetishtirish, balki uni kovlab olish, yuvib xaltalash bo‘yicha ham ko‘plab innovatsion loyihalar amaliyotga tatbiq etilganki, bu barchaga o‘rnakdir.
Ammo keyingi yillarda esaboylik dehqonlar sabzi yetishtirishdan ortib, tomorqadan unumli foydalanishga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
Shu qishloqlik Asomiddin Ravshanovning xonadoniga kiramiz. Biroz keng va katta hovliga kirishingiz bilan astoydil qilingan mehnat mahsulini ko‘ramiz. Muhimi har bir qarich yerdan unumli foydalangan uy egalari ro‘zg‘or uchun yaxshigina daromad manbaini yaratishgan. Tomorqadan yiliga uch marta hosil olishga erishmoqda.
– 16 sotix tomorqamiz bor, – deydi A.Ravshanov. – Uning 8 sotixiga issiqxona tashkil qilganmiz. Shundan 6 sotix qismiga pomidor, bodring va boshqa sabzavotlar yetishtiryapmiz. 2 sotixiga limon ekkanmiz. Qolgan yerda ertachi sabzi, sholg‘om ekamiz. Yanvardan ishni boshlaymiz. Dastlabki hosil may oyida tayyor bo‘ladi. So‘ng kechki sholg‘om ekamiz. Uni ham sotamiz. Shu tartibda yiliga uch marta hosil olamiz. Oilamizda 14 kishi bo‘lib, barchamiz birdek mehnat qilamiz. Kelinlarimiz yordam qiladi. Ikki nafar o‘g‘lim takroriy ekinga 5-6 gektar maydonda sabzi ekadi. Shuning ortidan orzu istaklarni ro‘yobga chiqaryapmiz. Birgina tomorqaning o‘zidan 150 million so‘mgacha daromad qilamiz. Joriy yilda yana 8 sotix yerda issiqxona qurmoqchimiz. Xullas harakat qilsa, baraka bo‘laveradi. Bu bizning oilaviy shiorimizga aylangan.
[gallery-21148]
Xonadonda dehqonchilikdan tashqari parrandachilik va chorvachilikka ham alohida e’tibor qaratilgan. Asosan xonadon ayollari bu ishlarga mas’ul.
– Parrandalarimizga ko‘pincha men qarayman, – deydi oila bekasi Rohila Sherqulova. – 10 ta tovuq qilganmiz. Parvarishiga yaxshi qaraymiz. Shu bois qish oylarida ham tuxum beryapti. Bundan tashqari, bir bosh bolali sigirimiz bor. Uni sutidan foydalanamiz. Ortganini sotamiz. Qo‘shimcha daromad bu ham.
Mahalla raisi Nurillo Odirov bilan suhbatlasharkanmiz, qishloqda birorta xonadonning tomorqasi bo‘sh turmaganini, aholi tomorqachilikni yaxshi o‘zlashtirib, mo‘maygina daromad olayotganini faxr bilan ta’kidlaydi.
– Aholimiz azaldan dehqonchilik ortidan obro‘ topgan. Dehqonlarimiz yiliga 2 ming gektar yerga takroriy ekin sifatida sabzi ekib, shundan o‘rtacha 60 ming tonna hosil oladi. 40 ming tonnasini ichki bozorlarga sotamiz, sovitkichlarga qo‘yamiz. 20 ming tonnasini qo‘shni Qirg‘iziston respublikasiga eksport qilamiz, – deydi “Esaboy” MFY raisi Nurillo Odirov. – Bundan tashqari, Sayxunobod tajribasi asosida tomorqalardan unumli foydalanishni o‘rgatganmiz. Faqatgina Sayxunobod tajribasiga bog‘lanib qolmay Andijon tajribasi asosida uzumchilikni rivojlantiryapmiz. Sinov tariqasida mahalladagi bitta ko‘chani tanlab, 390 metr masofaga homiylik mablag‘lari hisobidan vayish qildirdik. Yo‘lning ikki tarafiga tok ko‘chatlari ekildi. Ular ushbu vayishlarga tortiladi. Tomorqada faqatgina sabzi ekmasdan bog‘dorchilik, issiqxonada dehqonchilik qilishni ommalashtiryapmiz. Kredit berib chorvachilik, parrandachilikni rivojlantiryapmiz. Parrandalarimiz tuxumga kirib qoldi. Mahallamizning farovonligi juda yaxshi. Tomorqadan foydalanmaydigan xonadon topilmaydi. Boisi ularga lider dehqonlarimizni biriktirib, seminarlar tashkil qilib tomorqachilikni o‘rgatganmiz. Bugungi kunda ushbu qilingan mehnat to‘liq daromad bera boshladi. Maqsadimiz qishlog‘imiz aholisining hammasi boy bo‘lsin.
Mahallada bunday xonadonlar bisyor. Muhimi ularga tomorqadan foydalanish, sharoitga qarab mahsulot ekish va bozor imkoniyatlari bo‘yicha zarur ko‘nikmalar doimiy berib kelinmoqda.
– Mahallamizda 3 ming 696 nafar aholi bo‘lib, shundan 610 xonadon mavjud. Uychi va Sayxunobod tajribasini qo‘llash bo‘yicha har bir qarich yerdan unumli foydalanishmoqda, – deydi “Esaboy” MFY hokim yordamchisi Farrux Ziyodullayev. – Foydalanilmay qolgan yerlarga ham aholiga tushuntirish ishlari olib borilib, sabzi, sholg‘om ekishni yo‘lga qo‘yganmiz. 2024 yil mobaynida 150-160 taga yaqin xonadonga bir milliard so‘mdan ziyod kredit ajratganmiz. Bu chorvachilik, issiqxona qurish, sabzi-sholg‘om ekish, artezian quduqlarini qurish maqsadida ajratilgan. Bir gektar yerdan 70-80 million so‘mgacha daromad qilyapti. O‘rtacha har bir xonadon kamida 5 gektar maydonda takroriy ekin sifatida foydalanib dehqonchilik qilmoqda. Daromad yaxshi. Orzu havaslarini ro‘yobga chiqarmoqda.
Bu birgina Esaboy mahallasida amalga oshirilgan ishlardir. Vaholanki, bugun viloyatda Sayxunobod, Uychi tajribasi asosida ichki imkoniyatlari yuqori bo‘lgan har bir hududda chorvachilik, dehqonchilik, bog‘dorchilik, asalarichilik, baliqchilik yo‘nalishini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aholining doimiy daromad manbai bilan ta’minlanishiga astoydil harakat qilinmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari