English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hamma bolalar omadli” loyihasi o‘z faoliyatini boshladi
16:56 / 2024-02-21

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston hukumati, tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda yana bir yangi loyihani ishga tushirdi.

Besh yillik muddatni qamrab olgan “Hamma bolalar omadli” loyihasi Toshkentda rasman yo‘lgaqo‘yildi.

Poytaxtimizda shu munosabat bilan tashkil etilgan davra suhbatida vazirlik, idoralar mutasaddilari, BMT tuzilmalari vakillari, nogironligi bo‘lgan shaxslar va xalqaro ta’lim sohasi ekspertlari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda  imkoniyati cheklangan bolalarga qulaylik yaratish, ular uchun maktab va bog‘cha ta’limi dasturini qayta ko‘rib chiqish, o‘quv-tarbiya муассасаларини inklyuziv ta’limga moslashtirish dasturini amalga oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Hukumat tomonidan nogiron bolalar huquqini himoya qilish yuzasidan qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Navbatdagi tashabbusi ham ayni shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Mazkur loyiha orqali inklyuziv ta’lim bilan bog‘liq quyidagi muhim yo‘nalishlar qo‘llab-quvvatlanishi taklif etilgan: inklyuziv ta’lim uchun qulay o‘quv-metodik material, o‘qituvchi uchun amaliyot va maktab muhiti yaratish, asosiy manfaatdor tomonlar – o‘qituvchi va nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan birga ishlab chiqilgan barqaror siyosatni rivojlantirish.

[gallery-16072]

Tadbir ishtirokchilari diyorimizdagi har bir bola muayyan iste’dod, qobiliyatga egaligini bir ovozdan e’tirof etishdi. Ma’lumki, o‘g‘il-qizlarimiz o‘z iqtidorini namoyon etishi, ularning muvaffaqiyati ta’minlanishi uchun hamkorlik, fidoyilik juda muhim. Bunday loyihalar esa aynan jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar aqliy imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofman har bir bolaga xos salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun ta’lim olish imkonini yaratish yuzasidan jamoaviy mas’uliyatni his qilish zarurligiga to‘xtaldi. USAID besh yil davomida “Hamma bolalar omadli” tashabbusi doirasida 25 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda.

Loyiha “Creative Associates International”, “American Councils for International Education”, “Syracuse University”, “Praxis Plus” va “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorligida amalga oshiriladi.

Tadbir yakunida mutasaddi vazirlik, idoralar bilan birga sifatli inklyuziv ta’limni tashkil etish, O‘zbekistondagi barcha bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlikda ish olib borishni nazarda tutuvchi kelishuv imzolandi.

Ushbu umumiy majburiyat ta’lim tizimi yanada inklyuzivlashishiga zamin yaratadi, o‘quvchilar, jumladan nogiron o‘g‘il-qizlarda tayanch ko‘nikmasini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Go‘zal Sattorova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA