Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchi hamda o‘quvchilar formasi borasida turli fikrlar va bahsli mulohazalar tarqaldi va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Toshkent shahar XTBB Matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 maydagi «Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda joriy yilning 27 iyul kuni Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan brifingda e’lon qilingan ma’lumotlarni Toshkent shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaga aloqasi yo‘q.
Ma’lumki, joriy yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «2022-2026 yillarda Xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dastur» qabul qilindi.

Dastur doirasida Toshkent shahar hokimligi tomonidan «Toshkent tajribasi»ni yaratish, o‘qituvchilar mavqeini oshirish, o‘quvchi yoshlarda ustozlarga bo‘lgan hurmat ruhini yanada ko‘tarish maqsadida poytaxt umumta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagog-o‘qituvchilarini yangi o‘quv yilidan yagona forma bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Bundan maqsad avvalo o‘qituvchilarning kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, ta’lim muassasalari brendini yaratishdan iborat. Shuningdek, sharafli kasb egalariga hurmat va inson qadrini ulug‘lash kabi tamoyillar aks etgan.
Loyihani joriy etishdan maqsad butun dunyoda bo‘lgani kabi prokuratura, huquq tartibot organlari, shifokorlar, suv, havo, temir yo‘l transporti kasb egalari singari o‘qituvchilar ham o‘z formasiga ega bo‘lishi hamda kasb nufuzini oshirishdir. Shuningdek, o‘qituvchilarni ta’lim muassasasi hududida ijtimoiy tengligini ta’minlash, jamoat joylarida mavqeini oshirish, ularga bo‘lgan hurmat-e’tiborni shakllantirish hamda «pedagog imiji»ni yaratish ko‘zda tutilgan.
Toshkent shahar hokimligi tomonidan shu yilning aprel, may oylarida Xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan 4 ming 700 dan ortiq o‘qituvchiga tajriba tariqasida bahor-yoz va kuz-qish mavsumiy ish liboslari tayyorlab berildi. Amalga oshirilgan ishlar pedagog-o‘qituvchilar tomonidan ijobiy qabul qilindi va loyihani davom ettirish bo‘yicha takliflar kiritildi.
Bu borada Toshkent shahar hokimining 26 iyuldagi 761-14-0-Q/22-sonli qarori bilan Respublika byudjetining 2022 yil ikkinchi chorak daromadlari rejasini orttirib bajarilgan qo‘shimcha manbasining Toshkent shahar mahalliy byudjetiga ajratilgan qismi hisobidan umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining formalari uchun uch milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Joriy yilning 6 iyuldan 16 iyul kuniga qadar 10 kun davomida mahalliy byudjet mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi jamoatchilik muhokamasida bo‘lgan edi. Muhokama davomida hech qanday e’tiroz bildirilmagan. Shuningdek, 2022 yil 20 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 67-sessiyasida jamoatchilik vakillari taklif etilgan holda muhokama qilinib, ma’qullangan.

O‘qituvchilar maktab formasi dizayni bir necha namunalar orasidan tanlanib, sanitariya qoidalari va gigiyena normativlariga mosligi bo‘yicha to‘qimachilik mahsulotlari uchun belgilangan sifat talablariga muvofiqligi qat’iy nazoratga olingan.
Hozirda Toshkent shahar Xalq ta’limi tizimida 23 ming nafardan ortiq o‘qituvchi faoliyat yuritishini inobatga olsak, bosqichma-bosqich ajratilayotgan 12,7 milliard so‘m mablag‘ hisobidan xarid qilinadi.
Amalga oshirilayotgan loyiha doirasida pedagoglar shahar hokimligi tomonidan tekin yagona forma bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
O‘zA