Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamma balo mana shunda: samaradorligi «nol»ga teng ishlar – va’zxonlik va tadbirbozlik ma’naviyat emas! 
10:10 / 2021-02-03

Ma’naviyat tom ma’noda jamiyat ustuning biridir.

Tanasiz jon mavhum bir narsa bo‘lganidek, jonsiz tana ham o‘lik jismdir. Bu haqda ma’naviyat tushunchasiga qarshi bo‘lgan kishilar bilan ko‘p bahs yuritish mumkin. Ma’naviyatga qarshi munosabatlar uning mohiyatini, tarkibiy qismlarini, jamiyatdagi rolini noto‘g‘ri tushunish, talqin qilish natijasida paydo bo‘ladi.

Ma’naviyat – bu, boshiga salla o‘ragan, egnida yaktak bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, shahanshoh oldida tavoze bilan ta’zim qilib turgan mute’figura haqidagi cheklangan tushuncha emas, balki u qadimda ham qaddu tafakkurini ros tutgan, jamiki kashfiyotlarni yaratgan buyuk insonlar merosi, aql-idroki majmuasi, tarixiy va zamonaviy bilimlar, madaniyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, yuksak ong, Komil Inson, adolatli, farovon, tinch-osuda, baxtli jamiyat barpo etish borasidagi qarashlar, ilm-ma’rifat, taraqqiyot tendensiyalari va prinsiplari hamda eng so‘nggi texnologiyalarni yaratishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘zida mujassam etgan tushunchadir.

Ma’naviyat nasihat va o‘gitlardan iborat va’zxonlik, tadbirbozlik emas, biz o‘zimizning uquvsizligimiz, bilimsizligimiz, odil va oqil jamiyat qurishga «kommunist»larcha utopik yondashuv, bir yoqlama, tor tafakkur, «tanqidiy qarash»bozlik orqasida jamiyatning bir qismida unga nisbatan ana shunday qarash shakllandi.

Aslida progmatik jamiyat uchun umuminsoniy qadriyatlar tarkibiga kiruvchi, inson taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiluvchi har qanday g‘oya muhimdir. G‘oya milliy bo‘ladimi, umuminsoniymi, uning progressiv tomonlarini o‘zlashtirgan, yangi qurilayotgan yoki taraqqiyotga erishish istagi tug‘ilgan jamiyatga joriy qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi, ya’ni ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy naf keltirgan har qanday g‘oya yoki nazariyani begona tutmaslik zamonaviy boshqaruv, menejmentning prinsiplariga kirmog‘i lozim.

Kapitalizm, sotsializm, kommunizm, yana qandaydir «izm»larga yopishib olish emas, balki har qanday tizimdan inson baxtini ta’minlashga xizmat qiluvchi tartib, qoida, aqida, nazariyalarni bir-biri bilan muvofiqlashtirgan holda o‘zlashtirish va jamiyatga joriy qilish naf keltiradi. Aksincha, «izm»larga yopishib olish va o‘ziga ma’qul bo‘lgan «izm»dan boshqasini mutlaq rad etish aqidaparastlikning bir ko‘rinishini namoyon etadi.Shu o‘rinda aytish lozimki, «mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi» degan aqidaga ham yopishib olish millat va jamiyatga naf keltirmaydi, aksincha zararli va jamiyat taraqqiyot yo‘lini to‘suvchi aqidaparastlikning boshqa bir ko‘rinishi. Vaqt o‘tgan va davr o‘zgargan sari mentalitet ham qisman o‘zgarib boradi. Hozirgi zamonaviy sharoitda mentalitetimiz, o‘rta asrlar u yoqda tursin, 100 yil oldingi mentalitetimizdan katta farq qiladi. Shuning uchun jamiyatga foyda keltiradigan, taraqqiyot va baxtni ta’minlaydigan, ammo mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan yangiliklarni isloh qilib, moslashtirgan holda jamiyat hayotiga joriy qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘ziga ma’qul bo‘lmagan, tushunmagan, qabul qila olmaydigan, ammo jamiyat va inson taraqqiyotiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan narsalar, tushunchalar va g‘oyalarni rad etish aqidaparastligining paydo bo‘lishi stixiyali taraqqiyning hosilasidir.

HAMMA BALO MANA SHU YeRDA!

Stixiya nima? Uning bir mohiyat, bir ta’sir kuch va bir natijaga ega bo‘lgan uch ko‘rinishi mavjud. Birinchisi, tabiat stixiyasi – bu, tabiiy kuch, tabiiy hodisa – shamol, to‘fon, yong‘in, zilzila, vulqon otilishi va boshqalar. Ikkinchisi, jamiyat stixiyasi – inson irodasiga bo‘ysunmaydigan qudratli ijtimoiy hayot hodisasi, tashkil qilib va boshqarib bo‘lmaydigan, instinktiv harakat qiladigan ijtimoiy muhit. Uchinchisi, shaxs stixiyasi – bu, insonda tabiiy instinktning aql va irodadan ustun darajada namoyon bo‘lishi. Ya’ni, aql va irodaning sustligi instinktiv mayllarning bo‘rtib chiqishiga omil bo‘ladi. Jamiyatda ushbu statusdagi shaxslarning ko‘payishi stixiyali ijtimoiy hodisalarni keltirib chiqaradi. Shu bois insoniyat tabiat stixiyasidan omon qolishga harakat qilganidek, jamiyat va shaxs stixiyasidan saqlanish uchun ba’zan aql-idrok bilan, ba’zan ichki instinkt bilan intiladi.

Shaxs va jamiyatning stixiyasi erkinlik tushunchasi bilan chatishib ketgan. Ya’ni mutlaq erkinlik bilan to‘liq, jamiyat talablari darajasida esa qisman chegaralangan erkinlikka chatishib ketgan. Shuning uchun shaxs stixiyasini bartaraf qilishga qaratilgan harakat inson erkinligini chegaralashga intilishdek tuyuladi. Xuddi shunday, jamiyat stixiyasini bartaraf qilish sari amalga oshiriladigan har qanday tadbir jamiyat erkinligini chegaralashga qaratilgan xatti-harakat sifatida qabul qilinadi. Demak, shaxs va jamiyatdagi stixiyani bartaraf etishda erkinlik bilan stixiya o‘rtasidagi chegaralarni belgilab olish kerak bo‘ladi.

Jamiyat stixiyasining amalda ko‘rinishi qanday namoyon bo‘ladi? Shaxslarning bir makonda to‘dalanib mayl va istaklarni qondirish, ta’minlash uchun xatti-harakat sodir qilishi natijasida shakllanadi. Ushbu makonda qonuniylikning jamiyat tanasiga singmaganligi, instinktiv qonuniyatlarning jilovlanmasligi va uning oy, yil sayin yanada bebosh bo‘lib borishi stixiyaning rivojlanishiga imkon yaratadi. Stixiyani inson erkinliklarini jamiyat manfaati va taraqqiyotiga ziyon yetkazmaydigan darajada, qonuniylik asosida optimal ta’minlash, ma’naviy takomil cheklab turadi. Stixiya jamiyat va shaxsda ma’naviy shamoyil ojizlanishi bilan paydo bo‘lgan bo‘shliqni darhol egallashga harakat qiluvchi regressiv kuch mavjud, ijobiy ijtimoiy muhit ortga chekinishi bilan u tezda jamiyat qon tomirlariga yoyiladi.

Stixiya og‘ushida shakllangan o‘rmon chakalakzorga aylanib, bir qarashda jozibador ko‘rinsa-da, undan imoratga yaraydigan yog‘och topish imkoniyati parvarish qilingan o‘rmondagiga nisbatan ancha past. Shu nuqtai nazardan qaraganda stixiya og‘ushida yashayotgan jamiyat hayotida taraqqiyotning samarasi past va u davlat, jamiyat, shaxs uchun nihoyatda xavflidir. Bunday jamiyat turg‘unlikka yuz tutadi, unda taqdir taqozosi hal qiluvchi kuchga aylanadi,jamiyatda stixiyaning chuqurlashuvi shaxslar taqdirini boshi berk ko‘chaga boshlaydi. Dengizda kuchli to‘fon kemani g‘arq qilganidek, stixiyaning kuchayishi jamiyat va shaxsni halokatga yetaklaydi.

Aslida dengizda sodir bo‘layotgan to‘fon stixiyasini tomchilar birlashib tashkil qilganidek, jamiyatda ham shaxslar stixiyasi jamiyat stixiyasini vujudga keltiradi. Shaxs stixiyasi – yuqorida ta’kidlanganidek, xususiy, shaxsiy mayllarning aqlga bo‘ysunmasligi, tabiiy instinkt xohish-istaklarini qondirish uchun xatti-harakatni namoyon qilinishi, xususiy ehtiyojlarni qondirishga mukkasidan ketish, yalqovlik, jamiyatga, yon atrofdagilarga ziyonkorona daxl qilish, jamiyatda o‘rnatilgan tartib va qoidalarni anglab yetmaslik yoki mensimaslik. Shaxs stixiyasi giyohvand yoki alkogol moddaga o‘xshaydi, ular iste’mol qilgan odamni vaqt o‘tgan sayin girdobiga tortib boraveradi. Faqat ular o‘rtasida katta farq bor, giyohvand va alkogol moddalar iste’mol qilgan shaxsnigina halokatga yetaklaydi, stixiya esa har bir shaxsning o‘zida, u bevosita hammani bab-baravar girdobiga tortaveradi.

Ma’naviyat ojizlashgan nuqtadan stixiya kuchaya boradi va zarpechakdek tez sur’atlar bilan jamiyat daraxtining tanalarini o‘rab oladi. Stixiya hukmron bo‘lgan jamiyatda adolatsizlik ildiz otadi, jamiyat hayoti og‘irlashib, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy muammolar chuqurlashaveradi, taraqqiyotga hech qanday omil qolmaydi, u barcha tayanchlarni izdan chiqaradi. Adolatsizlik – korrupsiya – muammolar bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketadiki, ularning qay birini oldin bartaraf etish mumkin, degan savolga javob topish mushkul bo‘lib qoladi.

STIXIYANI QANDAY BARTARAF ETISH MUMKIN?

Birinchidan, stixiyani bartaraf etish uchun jamiyatda jamoaviylikni tashkil qilish kerak bo‘ladi. Jamoaviylik shaxsda ham, jamiyatda ham stixiyani bartaraf qilish uchun kuchli dastakdir.

Bu fikrimizga dalil topish uchun tariximizga murojaat qilamiz. Muqaddas dinimiz Islomda namozni jamoa bo‘lib o‘qish buyurilgan. Yakka yolg‘iz ibodat qilgandan ko‘ra masjidda jamoa bilan namoz o‘qish afzal, yolg‘iz namoz o‘qisang, shayton xalal beradi, masjidda o‘qisang, u daxl qila olmaydi, deya o‘git beradilar oqsoqollarimiz.

Shayton, bu – stixiya, shaxsiy mayl va ehtiyojlarning jilovlanmagan instinktiv namoyon bo‘lishi, inson ojizligining majozidir. Uyda namoz o‘qiganda kimdir tahoratini chala olib yoki tahorat qilmay, turli tashvish va xayollar iskanjasida ruhiy ibodatgacha yo yetib borib, yo yetib bormay namoz o‘qishi mumkin. Ammo masjidga tahoratni obdon olib, o‘ziga qarab, orasta kiyinib, oyog‘iga toza paypoqlar kiyib, ust-boshiga turli atirlardan sepib boradi. Chunki masjidda jamoaviy nazorat bor. Masjidda namoz jamoa bo‘lib o‘qiladi, ammo ibodat xususiydir, hamma Allohga o‘zi ibodat qiladi va buning savobi ham o‘ziga. Ya’ni inson Alloh oldida ham, jamoa ichida ham mustaqil, erkinligini to‘liq saqlab qolgan, shu bilan birga, u ichki instinktiv stixiyasidan (shaytonning hamlasidan) himoyalangan.

Stixiyani jamoaviylik cheklaydi. Misol, o‘g‘ri Xudodan qo‘rqqanidan emas (qancha yashirinsa ham, Xudo bari-bir ko‘rib turganini biladi), balki birovning ko‘zi tushib qolmasligi, qo‘lga tushmasligi uchun yashirincha o‘g‘rilik qiladi. Jamoaning, atrofdagi ko‘zlarning roli mana shu vaziyatda ayon bo‘ladi. Atrofda ko‘zlar bo‘lsa, hamma o‘zini siporoq va tartibliroq tutadi.

Xuddi shunday, mintaqada aholining jamoaviylikka moyilligi, yakka-yolg‘izlikdan ko‘ra jamoaviy sharoitda o‘zini yaxshiroq namoyon qila olish, xususiy stixiyani yenga olish xususiyati borligi turli ma’raka va marosimlarda namoyon bo‘ladi. Individualizm Sharq xalqlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Holbuki, Yevropa va yer sharining boshqa xalqlari uchun ham individualizm shaxs erkinligiga asoslangan bo‘lsa-da, ayni paytda uning hayot shafqatsizliklari bilan yuzma-yuz kelishiga sharoit yaratadi. Bunday sharoitda shaxs o‘zini ma’lum darajada erkin his qiladi, ammo hayot stixiyasining iskanjasini vujudidan to‘liq o‘tkazib yashaydi. Jamoaviy tuzumlarda esa, tarixdan ma’lum-ki, jamiyatda avtoritar tartiblarning kuchayib ketib, shaxs erkinligini mukammal baxtni ta’minlash mantig‘idan toshib ketadigan darajada cheklab qo‘yish xavfi bor.

Ikkinchidan, jamiyat ma’naviy hayotini takomillashtirish borasida Davlat rahbari tomonidan qo‘yilayotgan jiddiy vazifalar ijrosini tashkil qilish uchun masalaga kompleks yondashishga to‘g‘ri keladi. Shaxs erkinliklari stixiyasini individual tarzda jilovlashning imkoni yo‘qligi va uni faqat jamoaviylik asosda bartaraf etish mumkinligini inobatga olib, aholi istiqomat qiladigan hududlarda jamoaviy hayot va mehnatni tashkil qilish zarur bo‘ladi.

Bunday tizim muallif tomonidan ishlab chiqilgan va jamiyat hayotiga joriy qilishga tayyor. Jamiyatda stixiya hukm surayotgan, adolatsizlik, nopoklik, korrupsiya qo‘pchigan sharoitda har qanday shaxs tarbiyasi natijadorligi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi «nol»ga teng bo‘ladi. Ya’ni ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy ishlar uchun sarflangan kuch va mablag‘larning samarasi adolatsizlik va korrupsiya avj olishi tendensiyasiga teskari proporsional bo‘ladi.

Demak, adolatsizlik va korrupsiyani vujudga keltiradigan shart-sharoitni bartaraf qilish zarur. Buning uchun avvalo, davlat boshqaruvi organlarining iqtisodiyotni nazorat qilish va mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish funksiyasini mutlaqo cheklaydigan mexanizmni tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ikkinchidan, jamoaviy mehnatda, xususiy mehnat, yollanma mehnatda qaramlikni mutlaqo bartaraf etib, shaxs erkinligi va manfaatlarini ustun darajada ta’minlashning huquqiy asoslarini yaratish kerak bo‘ladi. Fikrimiz nazariyadan iborat bo‘lib qolmasligi uchun quyidagi tahlil va aniq taklifni bayon qilamiz.

Masalan, bir tadbirkor korxonasiga 10 kishini ishga olgan. Ularning mehnatidan qancha haq to‘lash evaziga foydalanishi mumkin? Deylik, u ana shu ishchilarni ishlatib, bir oyda 50 mln. so‘m daromad qildi. Ishchilarga 700 ming so‘mdan jami 7 mln. so‘m oylik berdi. Ishlab chiqarish xarajatlarini chiqarib tashlab, soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lagandan so‘ng 15-20 mln. so‘m tadbirkor foydasiga qolishi kerakmi? Bu yerda adolat qani? Agar adolat bo‘sa, tadbirkor ishchilarga 1,5-2 mln. so‘mdan ish haqi berib, o‘ziga 5-6 mln. so‘m qoldirsa bo‘lmaydimi? Jamiyatda qonunlar mana shu tartibda adolatni ta’minlab berishi mumkin.

Aksincha hozir jamiyatimizda odamlarning mehnati, intellektuali hisobiga 50 mln. so‘m daromad olib, ishchiga 700-800 ming so‘m ish haqi beradigan tadbirkorlik sub’ektlari ko‘payib ketdi. Bunday holatda jamiyatda keskin tabaqalashuv yuz beradi va u oqibatda jamiyatning kambag‘allashib, qashshoqlashib boradigan qismida tabiiy norozilikni keltirib chiqaradi. Bu sharoitda yollanma ishchilarning haq-huquqlarini davlat qanday himoya qilishi kerak?

Masalan, ishchilarning ish haqi fondi ishlab chiqariladigan mahsulotdan keladigan daromadning qancha qismi bo‘lishi kerak? Buni kim belgilaydi, davlatmi yoki tadbirkormi?

Hozircha tadbirkor belgilayapti, u xohlasa 100 so‘m, xohlasa 1000 so‘m ish haqi beradi. Shu bois jamiyatda bir shaxsni ikkinchi shaxs tomonidan yollab ishlatish va unga haq to‘lashning me’yorlari qonun bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim, bu masalani stixiya girdobiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi.

Tadbirkor o‘z mehnati, oila a’zolari bilan mehnat qilib, istagancha daromad olishi mumkin. Ammo o‘zga shaxslar mehnatidan foydalanganda ish haqini o‘zi ish beruvchi sifatida belgilashi mumkin emas. Yollangan ishchiga to‘lanadigan ish haqi birgalikda ishlab topilgan daromadning belgilangan ma’lum bir foizi darajasida bo‘lmog‘i lozim. Ya’ni inson huquqlari bo‘yicha bir kishining huquq va manfaatlarini o‘zga bir shaxs o‘z manfaati yo‘lida belgilashi mumkin emas. Shaxs manfaatlarini har qanday sharoit va munosabatlarda davlat va qonun himoya qilishi kerak.

Yana bir taklif – ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligiga erishish uchun jamiyatda adolatni ta’minlash, korrupsiyaning ildizini qirqish, keyingi paytlarda juda ko‘p muhokama qilinayotgan,davlat organlari va jamoat tashkilotlari mas’ul rahbar va xodimlarining daromadlarni deklaratsiya qilish tizimini zudlik bilan joriy qilish lozim.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini ta’minlash uchun qishloq joylarida va shaharlardagi mahallalarda aholining, har bir shaxsning kunlik daromad topishiga sharoit yaratib beradigan jamoaviy-xususiy erkin ishlab chiqarish-savdo hududlarini, bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiy tizimni tashkil qilish kutilgan natijani beradi. Ishlab chiqarish, mehnat bozori va bozor-savdo tizimida yakkahokimlikni, cheklashlarni bartaraf qilish maqsadga muvofiqdir.

Yuqoridagi tahlillardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, jamiyatda jamoaviy hayot va mehnatni tashkil qilish hayot va shaxs stixiyasini yengishning yagona yo‘lidir. Bu formula shunday iboratki, jamoa ichida shaxsiy hayot, jamoa ichida xususiy mehnat va manfaatlarning ta’minlanishi har qanday jamiyatni bo‘hrondan qutqaradi, taraqqiyotga boshlaydi. Inson erkinliklarining xususiy chegaralardan chiqishi jamoat manfaatlariga zid keladi. Xuddi shunday jamiyat manfaatlarining chegaradan ortiq oldinga surilishi shaxs erkinliklari maydoniga daxl qiladi. Shu bois jamoaviy hayot va mehnatda jamiyat, shaxs erkinliklarining puxta o‘ylangan, ilmiy asoslangan chegaralarini qonun bilan aniq belgilab qo‘yish zarur bo‘ladi.

M.Bo‘ronov,

falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori