Ko‘hna Samarqand shahrida yirik nufuzli anjuman – “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Anjuman arafasida "Euronews" telekanaliga bergan intervyusida Prezidentimiz mazkur sammit Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda yangi sahifa bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Darhaqiqat, ilk bor Markaziy Osiyoning beshta davlati va Yevropa Ittifoqi rahbarlarini bir joyda yiqqan sammit chinakam tarixiy ahamiyatga egadir.
Ma’lumki, bugungi kunda Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatda jami yarim milliarddan ortiq aholi yashaydi, YeIning nominal yalpi ichki mahsuloti 19 trillion yevrodan oshadi, sotib olish paritetiga ko‘ra esa – 26 trillion yevro. Yevropa Ittifoqi – ko‘p qutbli dunyoda eng boy va texnologik rivojlangan qutblardan biri bo‘lib qolmoqda.
Ayniqsa, hozirgi, global, hatto, aytish mumkinki, beqaror siyosatda katta o‘zgarishlar boshlangan sharoitda Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori darajaga olib chiqishi har ikkala mintaqa uchun manfaatli va samarali kechishi aniq.
Zero, ko‘rib-bilib turibmiz, sayyoramizda yangi siyosiy-iqtisodiy tartibot shakllanib boshladi. Yangi tartibotda esa Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi bir-biriga juda ehtiyojmand. Har ikkala mintaqa rahbarlari mazkur ehtiyojni vaqtida chuqur anglab, konstruktiv muloqotga kirishganlari e’tirofga sazovor, albatta. Shu sababdan ishonch bilan ayta olamizki, mazkur anjuman Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo munosabatlarida yangi sahifa ochadi.
Davlatimiz rahbari eksklyuziv intervyusida alohida qayd etib o‘tganidek, “Sammit iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan: Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash so‘nggi yetti yil ichida to‘rt barobar oshgani munosabati bilan sammit ushbu sur’atni mustahkamlash va qo‘shma vazifalarni hal etishda mintaqalararo hamkorlikni kengaytirishga intiladi”.
Tarixdan ma’lum, ikkala mintaqa o‘rtasidagi munosabatlar qadimiy ildizlarga ega. Chunonchi, Ipak yo‘li asrlar davomida Yevropani Markaziy Osiyo bilan bog‘lagan. Nafaqat savdo, balki g‘oya, madaniyat va innovatsiya almashinuvi ham bo‘lgan. Endi ushbu boy merosga tayanilgan holda, qadimiy an’analari zamonaviy va uzoq muddatli hamkorlikka aylantirilmoqda.
"Euronews" muxbirining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qanday islohotlar Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashga turtki berishi mumkinligi haqidagi savoliga Prezidentimiz mazmundor va ko‘lamli javob qaytardi: “O‘zbekistonda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, bozor institutlarini rivojlantirish, sarmoyaviy muhitni yaxshilash izchil davom ettirilmoqda. Xorijiy investorlar uchun “yagona darcha” tizimini joriy etish, valyuta bozorini liberallashtirish, tadbirkorlik sub’ektlariga soliq yukini kamaytirish bu boradagi muhim qadamlardan iborat. Natijada mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy hamkorligi ijobiy dinamika ko‘rsatdi. 2024 yilda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 5,2 foizga o‘sib, 6,4 milliard dollarga yetdi”.
Qayd etib o‘tish joiz, Sammitda o‘zaro hamkorlikning umumiy yo‘nalish va ustuvorliklari belgilanmoqda. Jumladan, savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash, toza energiya, o‘ta muhim xom ashyo resurslari va boshqa sohalarni qamrab oladi.
Yevropa Ittifoqining investitsiya strategiyasi – “Global Gateway” muhokama markazida bo‘ladigan sammitda Markaziy Osiyo uchun “Team Europe” tashabbusi doirasidagi investitsiya paketi e’lon qilinadi. Ushbu hujjatdan transport, o‘ta muhim xom ashyo resurslari, raqamli tarmoq, suv va energiya transporti bog‘liqligini rivojlantirish borasidagi izchil hamkorlik rejalari o‘rin olgan.
Bugun dunyoning yirik mamlakatlari ham energiya barqarorligi muammosiga duch kelmoqda. Tabiiyki, "Euronews"ni Yevropaning energiya barqarorligini ta’minlashda Markaziy Osiyo mintaqasi qanday rol o‘ynashi mumkinligi qiziqtiradi.
Davlatimiz rahbari bu savolga javob berar ekan, Markaziy Osiyo nafaqat barqaror energiya ta’minotini ta’minlash, balki global dekarbonizatsiyaga salmoqli hissa qo‘shishga qodir ishonchli hamkorga aylanishini ta’kidlab o‘tdi va “Hamkorlikning asosiy yo‘nalishi Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida Kaspiy va Qora dengiz orqali Yevropaga olib boradigan Yashil strategik yo‘lakni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihadir. Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi o‘zaro manfaatli energiya aloqalarimiz uchun mustahkam poydevor yaratadi”, dedi.
Bu vazifa, albatta, Saylovoldi dasturida “2050 yilgacha uglerod neytralligiga erishish uchun qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni yanada kengaytirish” vazifasi alohida belgilab qo‘yilgan “Adolat” SDP zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi va biz dasturimizda belgilangan yo‘nalishdagi yanada kuchaytirishga tayyormiz.
Sermazmun intervyu yakunida Prezidentimiz yevropalik hamkorlarga murojaat bilan chiqdi. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “Biz Yevropa Ittifoqining mintaqaning ochiqligi, gullab-yashnashi va sub’ektivligini kuchaytirishga bo‘lgan intilishlarimizni qo‘llab-quvvatlayotganini yuksak qadrlaymiz. Yevropa Ittifoqi bizning Markaziy Osiyoni barcha manfaatdor tomonlar bilan ochiq va teng huquqli sheriklikka tayyor, birlashgan va dinamik mintaqaga aylantirish maqsadimiz bilan birlashishi alohida ahamiyatga ega”.
Chindan ham, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ikkala mintaqa munosabatlari rivojlanishidagi muhim bosqich bo‘ladi. Demak, Samarqanddagi uchrashuv yakunlari hamkorlikning yangi istiqbollarini ochadi.
Robaxon MAHMUDOVA,
"Adolat" SDP Siyosiy Kengashi raisi
O‘zA