Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyat
15:13 / 2016-03-16

“O‘zekspomarkaz”da oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan “WorldFood Uzbekistan – 2016” va “AgroWorld Uzbekistan – 2016” xalqaro ko‘rgazmalari ochildi.

“O‘zekspomarkaz”da oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan “WorldFood Uzbekistan – 2016” va “AgroWorld Uzbekistan – 2016” xalqaro ko‘rgazmalari ochildi.

Ko‘rgazmalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyaci hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirlarning ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligi sohasi va oziq-ovqat sanoatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samaralarini berayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarning tatbiq etilayotgani muhim o‘rin tutmoqda. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 15-maydagi “Qishloq xo‘jaligining mashinasozlik korxonalarini boshqarishni yanada takomillashtirish va moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, boshqa qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar sohani yanada rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan izchil ishlar samarasida 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar dunyo bozorlariga eksport qilinayotir. So‘nggi uch yilda tashqi bozorga yo‘naltirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi uch barobardan oshdi. Oziq-ovqat tovarlarini aholiga uzluksiz yetkazib berish, sifati va xavfsizligini ta’minlashga erishilmoqda. Misol uchun, 1990-yilda aholining oziq-ovqat, xususan, go‘sht, sut, qandolat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji asosan import hisobidan qoplangan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 98 foizi yurtimizda yetishtirilmoqda.

O‘zbekiston o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam va boshqa ko‘plab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyodagi o‘nta yetakchi davlat qatorida turadi. 2015-yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotiga a’zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun beriladigan mukofotiga sazovor bo‘lgan 14 davlatdan biri sifatida e’tirof etildi.

Qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash infratuzilmasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan 230 korxona, 77 ming 800 tonna sig‘imga ega 114 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi va modernizatsiya qilindi. Mamlakatimizda meva-sabzavotlarni saqlashning umumiy quvvati 832 ming tonnaga yetkazildi. Bu esa yil davomida narxlarning mavsumiy oshib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan, aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ushbu mahsulotlarni eksport qilishni kengaytirish imkonini bermoqda.

Ko‘rgazmalarda Xitoy, AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Niderlandiya, Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Daniya, Polsha, Shvetsiya, Slovakiya, Litva, Indoneziya, Malayziya, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari kabi 28 mamlakatdan bir yuz oltmishdan ziyod kompaniya ishtirok etmoqda.

“WorldFood Uzbekistan” va “AgroWorld Uzbekistan” ko‘rgazmalari oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Unda oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, sovutish hamda restoran uskunalari, qadoqlar va qadoqlash texnologiyalari, parrandachilik, chorvachilik, veterinariya, donni qayta ishlash va saqlash, omixta yem ishlab chiqarish uchun uskunalar, qishloq xo‘jaligi texnikasiga oid ko‘plab bo‘limlar ishlab turibdi.

– Kompaniyamiz meva-sabzavotlarni yetishtirishga ixtisoslashgan, – deydi Italiyaning “Mazzoni Group” kompaniyaci mintaqaviy menejeri Antonio Ferraresi. – O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar mazasi, tabiiyligi va xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Mamlakatingiz korxonalari tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlar esa g‘oyat xaridorgir, eng muhimi, xalqaro sifat standartlariga mos ekanini alohida ta’kidlashni istardim. Yurtingizdagi turdosh korxonalar bilan hamkorlik o‘rnatish va mavjud aloqalarni mustahkamlash niyatidamiz. 

22.jpg

Mamlakatimizdagi qulay sarmoyaviy muhit xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada kengaytirish, barcha sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda muhim omil bo‘layotir. Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ko‘plab korxonalar samarali faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarining mahsulotlari ham ekspozitsiyalarda keng o‘rin egallagan. Salqin ichimliklar, oziq-ovqat mahsulotlari va ularning qo‘shimchalarini ishlab chiqaradigan “Mehrigiyo”, “Spring Mycelium Land”, “Good Food Group”, “Lazzat Karamel”, “Vazira Business”, “Sladus Produce” korxonalari shular jumlasidandir. Ular vafli, pechenye, shokolad, konfet kabi keng turdagi qandolat mahsulotlarini, yog‘-moy mahsulotlari, muzqaymoqlar, choy navlarini namoyish etmoqda. Navoiy mashinasozlik zavodi, “United Food Machinery”, “Viniks”, “Furkan Max”, “OSC” kabi korxonalar stendlarida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda saqlash uskunalari taqdim qilingan.

– 2011-yildan buyon faoliyat yuritayotgan korxonamizda ilg‘or texnologiyalar asosida karamellar, shokolad va vaflilar ishlab chiqarilmoqda, – deydi “Lazzat Karamel” O‘zbekiston-Shveytsariya qo‘shma korxonasining moliyaviy ishlar bo‘yicha direktori Saidakmal Jabborov. – Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tadbirkorlarning erkin va faol ish yuritishi uchun yaratilgan qulay shart-sharoit va keng imkoniyatlar muvaffaqiyatlarimiz omili bo‘lmoqda. Korxonamiz dastlab yigirmaga yaqin turdagi shirinliklar ishlab chiqargan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich oltmish beshga yetdi. Mahsulotlarimizning sifati, ko‘rinishi xorijnikidan aslo qolishmaydi. Ayni paytda ular qator davlatlarga eksport qilinmoqda. 2015-yili 1200 tonnaga yaqin mahsulot ishlab chiqardik. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni yanada oshirish niyatidamiz. Ushbu ko‘rgazmalar mahsulotlarimizni iste’molchilarga kengroq tanishtirish, ishbilarmonlar bilan hamkorlik o‘rnatishga xizmat qiladi.

Xalqaro ko‘rgazmalarda Xitoyning “Zhengzhou Dingsheng Machine”, “Big Herdsman” kompaniyalari yog‘ ishlab chiqarish hamda parrandachilikda qo‘llaniladigan uskunalarni, Fransiyaning “Ixapack” kompaniyasi qadoqlash texnologiyalarini namoyish etmoqda. Muzqaymoq ishlab chiqarish uskunalarini namoyish etayotgan Avstriya va Italiya kompaniyalari stendlari ham ko‘rgazma ishtirokchilarining e’tiborini tortmoqda.

– Kompaniyamiz O‘zbekiston bilan 2012-yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqda, – deydi Xitoyning “Big Herdsman” kompaniyasi savdo direktori Liu Jun. – Mamlakatingizda o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazmalarda muntazam qatnashamiz. Korxonamiz broylerlarni avtomatik oziqlantirish uskunalari, parrandachilik sohasi uchun ventilatsiya hamda bug‘lantirish tizimlari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistonda xorijlik ishbilarmonlar uchun joriy qilingan imtiyozlardan yaxshi xabardormiz. Ko‘rgazmada ishtirokchilarga muzokaralar o‘tkazish, bitim va shartnomalar tuzish uchun barcha qulayliklar yaratilgani bizga ma’qul bo‘lmoqda.

Ushbu ko‘rgazmalar mamlakatimiz ishbilarmonlari va chet ellik hamkorlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish, tajriba almashish, o‘zaro hamkorlik istiqbollarini belgilash, ikki tomonlama manfaatli shartnomalar imzolash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda O‘zbekistonning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.