Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlikni kengaytirish qo‘shma loyihalar hajmini oshirishga xizmat qiladi
17:24 / 2022-11-07

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib, shahar gubernatori Aleksandr Beglov va Rossiya Federatsiyasining shimoliy poytaxti ijro hokimiyati, savdo-iqtisodiy, madaniy hamda ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi.

Toshkent shahar xokimligi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda mamlakatimiz va Sankt-Peterburgning sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, savdo, ijtimoiy ko‘mak, mehnat munosabatlari va boshqa sohalardagi hamkorligi muhokama qilindi.

Xususan, Aleksandr Beglov hududlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlashning barqaror o‘sib borayotgani, hamkorlikning kengayayotgani o‘zaro ishonch va hamjihatlikdan, davlatlarimiz, xususan, shaharlar o‘rtasidagi do‘stlikdan dalolat berishini qayd etdi. Toshkentning Rossiya Federatsiyasi shimoli-g‘arbiy mintaqasi bilan hamkorligini kengaytirish uchun Sankt-Peterburg kommunikatsiya markazi bo‘lishga tayyorligini, bu, shubhasiz, qo‘shma loyihalar hajmini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Gubernator samarali hamkorlikdagi o‘zaro muloqot va xizmat safarlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berayotgani uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorlik bildirdi. Toshkent shahar hokimi takliflarni qo‘llab-quvvatlab, Sankt-Peterburg shahrida yuz foiz tabiiy xomashyodan ishlab chiqarilgan, narx va sifat nisbati mukammal bo‘lgan o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari yarmarkasini tashkil etishni taklif qildi hamda Sankt-peterburglik investorlar ishtirokida Toshkent shahrida mebel ishlab chiqarishni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahri Hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahar hokimligi o‘rtasida 2022-2026 yillarda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy sohalarda hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasini imzoladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA