Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlikdagi ustuvor yo‘nalish
18:13 / 2024-02-07

Tibbiyot xabarlari

Sog‘liqni saqlash vazirligida Belarus Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Aleksandr Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, muloqot avvalida so‘nggi paytlarda ikki davlat o‘rtasida tibbiyot sohasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Xususan, o‘tgan yilning noyabr oyida yurtimizda O‘zbekiston – Belarus sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim kunlari, Minsk shahrida esa O‘zbekiston – Belarus tibbiyot forumi o‘tkazilgan edi. 

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. 

Jumladan, Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi A. Xudayarov onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish O‘zbekiston uchun Belarus bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi. 

Bugungi kunda ushbu mamlakatning “Ona va bola” RIAMning 4 nafar yuqori malakali mutaxassisi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo viloyati filialida faoliyat yuritmoqda. 

Mazkur yo‘nalishda, ayniqsa, neonatologiya va bolalar reanimatsiyasi, Belarusning ushbu sohadagi boshqaruv tizimining yurtimizda joriy etilishini jadallashtirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. 

Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida yurtimizda hamshiralar malakasini oshirish belgilandi. 

Shuningdek, kardiologiya, onkologiya, bolalar onkogematologiyasi, travmatologiya va ortopediya, transplantologiya, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholi immunizatsiyasi, reabilitatsiya kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi. 

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqot davomida farmatsevtika sohasidagi sheriklikni yanada kengaytirish, shu jumladan qon plazmasi asosida dori vositalarining yurtimizda ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish, tibbiyot muassasalariga zamonaviy dializatorlarni yetkazib berish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 

M.Qosimova, O‘zA