Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlikdagi tadbirlar rejasi tasdiqlandi
18:54 / 2021-03-31

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida 31 mart kuni joriy yilda Agentlik hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha mintaqaviy boshqarmasi hamkorlikda amalga oshiradigan tadbirlar rejasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha mintaqaviy boshqarmasi giyohvandlik va xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashishda global tashkilot hisoblanadi.

Ushbu boshqarma 1997 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalarni nazorat qilish dasturi va Xalqaro jinoyatchilikning oldini olish markazini birlashtirish orqali tashkil etilgan. Ushbu tuzilma butun dunyo bo‘ylab mintaqaviy vakolatxonalar tarmog‘i orqali ishlaydi.

Uchrashuvda agentlik direktori Akmal Burhonov, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha mintaqaviy boshqarmasi vakili Ashita Mittal yangi O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatida xalqaro hamkorlik ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani, hozirgi kunga qadar bu borada BMT tuzilmalari agentlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta’kidladi.

Ashita Mittal BMT mintaqaviy boshqarmasi mamlakatimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini qayd etdi.

Suhbat chog‘ida tomonlar ish rejada belgilangan vazifalar va hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish yo‘nalishidagi amaliyot va milliy qonunchilikni takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik vakillarining rolini oshirish, O‘zbekistonning BMT Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasida belgilangan majburiyatlarining bajarilishini ta’minlashga ko‘maklashish hamda jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik madaniyatini shakllantirish kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.

Qayd etilganidek, ushbu yo‘nalishlar doirasida davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan investitsion loyihalarning korrupsiyaga qarshi ekspertizadan majburiy o‘tkazish tartib-taomillarini ishlab chiqish, Korrupsiyaga qarshi kurashishning milliy indeksini ishlab chiqish kabi vazifalar belgilangan.

Shu bilan birga, mamlakatda korrupsiya holati, jumladan, tadbirkorlik faoliyatida korrupsiya xavfi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, agentlik xodimlari hamda agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashining salohiyatini oshirish kabi masalalar ham o‘rin olgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikda oshiriladigan tadbirlar rejasidagi vazifalarni amaliyotga tatbiq etish har ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishi uchun tegishli sa’y-harakatlarni amalga oshirishga kelishib oldi.

S.Rahimov, O‘zA