French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlikdagi rejalarimiz ko‘p
14:18 / 2024-09-07

Buxoro shahridagi Havzi Nav mahallasida istiqomat qilayotgan 1 ming 342 nafardan ziyod xotin-qizlar kasanachilik, hunarmandchilik, tadbirkorlik kabi 18 ta yo‘nalishda faoliyat yuritib, o‘z oilalariga moddiy daromad keltirmoqda.

Yil boshidan buyon mahalladagi 35 nafar xotin-qizga “Mikrokredit-bank” ATB tomonidan 700 million so‘mga yaqin imtiyozli kreditlar ajratildi. Shulardan biri Charmgaron ko‘chasi 38-uyda yashovchi Sanobar Asadova oila a’zolari bilan birga davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, oilasining turmush farovonligini yaxshilashga hissa qo‘shmoqda.

– Ovsinlarim bilan bir hovlida yashaymiz, – deydi Sanobar Asadova. – Farzandlar tarbiyasi, oshxona va uy yumushlari bilan band bo‘lib, daromadli faoliyat haqida o‘ylamagandik. Mahalla va bank xodimlari bir necha marotaba uyimizga kelib, biznes loyihalar taklif qildi. Ular orasida bizga to‘tiqushlar parvarishi haqidagi g‘oya ma’qul bo‘ldi va bugungi kunda mana shuning orqasidan yaxshigina daromad olishga erishdik. Yil boshida “Mikrokredit-bank” ATB dan  tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditga ega bo‘lib, faoliyatimizni kengaytirdik va bu daromadimiz ortidan bolalar uchun kiyim-kechaklar xarid qilyapmiz, orzu-havaslarimizga sarflayapmiz.  

Mazkur xonadonga qo‘shni bo‘lgan 36-uyida yashovchi Oliya Shukurova ham bundan ikki yil oldin subsidiya asosida tikuv mashinasi olib faoliyat boshlagan. Kelinlarining ham tikish-bichish ishlariga ishtiyoqi borligini ko‘rgach, “Mikrokredit-bank” ATB dan 100 million so‘m imtiyozli kredit olib, o‘z faoliyatini yanada kengaytirdi va qo‘shimcha 10 nafar ishchi o‘rinlari yaratishga erishdi.

– Buyurtma ko‘pligidan, ulgurmay qolyapmiz, – deydi Oliya opa. – Ayni kunda 10 nafar ishsiz xotin-qiz bandligi ta’minlandi. Bu degani 10 ta oilaning qora qozoni qaynab turibdi. Rejalarimiz ko‘p.  

– Mahallamizda 526 ta xonadon bor, – deydi mahalla xotin-qizlar faoli Nodira Boltayeva.  – Bir  xonadonda 5-6 ta yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan tadbirkor xotin-qizlarimiz mavjud. Bugun biz mahallamiz ayollarining ko‘zlarida hayotdan rozilikni ko‘ramiz. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash bilan o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortdi. Bu, avvalo, Prezidentimizning xotin-qizlarga yaratib berayotgan imkoniyatlari natijasida deb bilaman.  

“Mikrokredit-bank” ATB  bilan hamkorlikda olib borayotgan targ‘ibot ishlarimiz, ajratilayotgan imtiyozli kreditlar natijasida xotin qizlarimizning bandligini to‘liq ta’minlashga erishmoqdamiz.

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri.