Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning Samarqand shahriga tashrifi doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston – Malayziya tadbirkorlar biznes forumida Bank-moliya akademiyasi hamda Malayziyaning Utara universiteti o‘rtasida akademik hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahrida joylashgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi Markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida mazkur qo‘shma dasturning ramziy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov, Malayziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ilxam Tua bin Illias, Malayziyaning Utara universiteti vitse-prezidenti Mohd Foad Sakdan va boshqalar so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etib o‘tdi.
Shuningdek, mazkur amaliy hamkorlik natijasida O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi hamda Malayziyaning Utara universiteti hamkorligida tashkil etilayotgan qo‘shma ta’lim dasturi asosida mutaxassislar tayyorlashning yo‘lga qo‘yilishi o‘zaro munosabatlarda yangi imkoniyatlar paydo qilishini ta’kidladi.
Erishilgan kelishuvga ko‘ra, tomonlar hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturi asosida mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi. Ushbu qo‘shma ta’lim dasturi bitiruvchilariga Bank-moliya akademiyasi tomonidan (MBA – Master of Business Administration) hamda Malayziyaning Utara universiteti tomonidan (MBM — Master in Business Management) magistr darajasini tasdiqlovchi diplomlar taqdim etiladi.
Taklif etilayotgan magistratura mutaxassisliklari ilg‘or yetakchilik, strategik fikrlash va operatsion samaradorlikni o‘z ish faoliyatiga integratsiyalashtiruvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ikki yillik kunduzgi ta’lim shaklida o‘quv jarayonlari tashkil etiladi. Unga ko‘ra tinglovchilar 3 semestr davomida Bank-moliya akademiyasida va 1 semestr davomida Malayziyaning Utara universitetida tahsil oladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Malayziyaning Utara universiteti 1984 yil tashkil topgan. 2023 yil QS Jahon reytingida 481-o‘rinni, Malayziya universitetlari o‘rtasida esa 99-o‘rinni egallagan.
Utara universiteti tomonidan taklif etilayotgan MBM dasturi Malayziya oliy ta’lim muassasalari orasida tadbirkorlik va bitiruvchilarning yutuqlari kabi ko‘rsatkichlari bo‘yicha birinchi o‘rinni, Osiyo mamlakatlari o‘rtasida esa 28-o‘rinni egallab kelmoqda.
Biznes boshqaruvi dasturi sohaga tegishli nazariy amaliy bilimlarni taqdim etish hamda ushbu ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan quyidagi kurslarni taklif qiladi. Biznesni boshqarish va barqaror rivojlanish asoslari, boshqaruv sohasiga doir amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, raqamlashtirish davrida marketing, jadal sur’atlarda rivojlanayotgan tadbirkorlik, venchur korxonalarning rivojlanishi va innovatsiyalar kurslarini taklif qiladi.
Shuningdek, zamonaviy strategik tahlil, zamonaviy buxgalteriya tahlili va moliya, amaliyotchilar uchun tadqiqot usullari, raqamli iqtisodiyotda operatsiyalar va ta’minot zanjirini boshqarish, ma’lumotlar tahlili, amaliy korporativ moliya kurslarini taklif qiladi.
Ushbu hamkorlik qo‘shma dasturi turli mamlakatlar talabalari o‘rtasida ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish borasida yangi tajribaga ega bo‘lish hamda o‘zaro xilma-xil madaniy muhit to‘g‘risida tasavvurni kengaytirishga imkoniyat yaratadi.
Tadbir so‘ngida tashkil etilayotgan xalqaro qo‘shma dastur haqida to‘liq ma’lumot beruvchi brifing o‘tkazildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA