Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ikkinchi kotibi Kimi Uno boshchiligidagi delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasida Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining “Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali Orolbo‘yi mintaqasida barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi.
Loyihaning maqsadi aholining zaif qatlamlarining oziq-ovqat va iqtisodiy xavfsizligini oshirish, barqaror daromad manbalarini rivojlantirish va zamonaviy ekologik yechimlarni joriy etishdan iborat. 2024-2025 yillarda loyiha doirasida fermerlar, ayollar, yoshlar va ijtimoiy muassasalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Kegeyli tumanida Yaponiya hukumati ko‘magida va BMTTD hamkorligida “AquaReuse – Drenajdan o‘sish sari” nomli pilot loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha drenaj suvlarini yig‘ish, tozalash va qayta foydalanish orqali bog‘ va sabzavot yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. 48 850 dollarlik tashabbus doirasida suv avval baliq va artemiya parvarishiga, keyin esa 15 kVt quyosh tizimi orqali tomchilatib sug‘orishga ishlatiladi.
Nukus va Kegeyli tumanlaridagi "Saim oy" va "Asadbek Doniyor" fermer xo‘jaliklarida mevali bog‘lar tashkil etilgani muvaffaqiyatli tashabbuslardan biri bo‘ldi. 1 gektar maydonga 800 tupdan olma va nok daraxti ekilib, sun’iy suv havzalaridan oziqlantiriladigan zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatildi. Bu nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamladi, balki qishloq aholisi uchun mavsumiy ish o‘rinlari yaratdi.
Nukus tumanida tomchilatib sug‘orish tizimiga ega 50 m2 issiqxona tashkil etgan fuqaro Qallibek Tleuovning loyihasi qo‘llab-quvvatlandi. O‘rganish va texnik ko‘mak tufayli sabzavotlarni yil davomida muvaffaqiyatli yetishtirib, oilaga 7 xil yangi mahsulot va qo‘shimcha daromad olib kelmoqda.
Xuddi shu tumanda Nasiba Joldasbayevaning loyihasi amalga oshirildi. U biogumus (vermikompost) ishlab chiqarish sexini ochdi. Yomg‘ir chuvalchanglari yordamida olinadigan organik o‘g‘it tuproq unumdorligini oshiradi va mahalliy fermerlar orasida talabga ega. Ishlab chiqarish organik chiqindilarni kamaytirish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga yordam beradi.
Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. “Hovlilarda asalarichilik” dasturi doirasida 24 nafar qishloq aholisi, jumladan, 15 nafar ayolga asalari uyalari to‘plami, asal tozalagich va asbob-uskunalar topshirildi.
Asalari uyalari sonini 5 tadan 10 taga yetkazgan Gulasal Reimbayeva kichik tashabbuslar barqaror daromad va ertangi kunga ishonch manbai bo‘lishi mumkinligini isbotladi.
Loyiha, shuningdek, qishloq aholisi uchun ish o‘rinlari va yangi imkoniyatlarni ta’minlaydigan ustaxonalar va kichik korxonalarni tashkil etishga yordam beradi. Masalan, Nukus tumanida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi ko‘magida oqova suv quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish sexi, Kegeyli tumanida esa yiliga 600 tonnagacha organik o‘g‘it ishlab chiqaradigan suyuq biogumus ishlab chiqarish sexi ochilgan bo‘lsa, Chimboy tumanida makkajo‘xori tayoqchalari ishlab chiqarish sexi tashkil etilib, yiliga 1 ming 200 tonnagacha makkajo‘xori yormasi qayta ishlanadi va 4 nafar mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Infratuzilma loyihalari ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Chimboy tumanidagi "Pashentau" ovul fuqarolar yig‘inida suvni chuchuklashtirish stansiyasi rekonstruksiya qilinib, 1 ming 897 nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Quvvati 12 m3/soat bo‘lgan yangi uskunalar o‘rnatildi va 1000 metr uzunlikdagi suv quvuri yotqizildi.
Nukusda loyiha ko‘magida Qoraqalpog‘iston nogironlarni reabilitatsiya qilish markazi negizida Yaponiyaning “Johkasou” oqova suvlarni tozalash tizimi joriy etildi. Sutkalik quvvati 20 m3 bo‘lgan qurilma tozalangan suvni texnik ehtiyojlar uchun qayta ishlatish imkonini beradi. Bu esa atrof-muhitga bo‘lgan yuklamani kamaytiradi va muassasaning mablag‘larini tejaydi.
Kegeyli tumanidagi “Ko‘ko‘zak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 38-umumiy o‘rta ta’lim maktabi filialida rekonstruksiya ishlari yakunlandi. Yangilangan binoda quyosh panellari, suv isitish qurilmasi, yangi isitish va suv ta’minoti tizimi o‘rnatilgan. Endilikda 80 nafar o‘quvchi uchun qulay va xavfsiz ta’lim sharoiti yaratildi. Bundan tashqari, Nukus tumanida oyiga 60 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega "Bravion" korxonasining pomidorni qayta ishlash sexi ochilgan bo‘lib, unda 5 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlangan. Mahalliy xomashyodan tabiiy tomat pastasi ishlab chiqarish oziq-ovqat xavfsizligi va kichik biznesni rivojlantirishga yordam beradi.

Loyiha doirasida tadbirkorlikni rivojlantirish, mahsuldorlik va mahsulot sifatini oshirishga qaratilgan Yaponiyaning “Bir qishloq - bir mahsulot” (OVOP) va “Kayzen” metodikalari ham joriy etilmoqda.
Qoraqalpog‘iston tumanlaridan 100 dan ortiq ishtirokchi o‘qitildi. Ular texnologiyalarni o‘zlashtirdilar va allaqachon mahalliy ishlab chiqarishning noyob mahsulotlarini yaratmoqdalar.
Yaponiya hukumati ko‘magida amalga oshirilayotgan ushbu tashabbuslarning barchasi innovatsiyalar, mahalliy resurslar va inson salohiyati Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirishning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri