Sirdaryo viloyatida investitsiya muhitini mustahkamlash, zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish va mahalliy ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan muhim qadam sifatida Guliston tumanida Xitoy Xalq Respublikasi ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvlar Sirdaryo viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, ayniqsa, sanoat, parrandachilik va chorvachilik sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev xitoylik tadbirkorlar bilan uchrashib, hududda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, yer ajratish, infratuzilma bilan ta’minlash hamda davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining “Baiye Machine” kompaniyasi bilan parrandachilik va chorvachilik sohalari uchun zamonaviy, yuqori texnologiyali uskunalar ishlab chiqarish va ularni mahalliylashtirishga qaratilgan loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Ushbu loyihalar yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatini kengaytiradi.
Shuningdek, uchrashuvda Guliston tumanining “Chortoq” mahallasida joylashgan, ilgari “Mailfu Group” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan, biroq ma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtab qolgan tovuq tuxumi ishlab chiqarish korxonasini qayta ishga tushirish masalasida ham kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelishilgan loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, aniq vazifa va muddatlarni o‘z ichiga olgan amaliy “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish hamda investitsiyaviy hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha o‘zaro kelishib oldilar.
Mazkur hamkorlik faqat iqtisodiy jihatdan emas, balki ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lib, yangi ish o‘rinlari, barqaror oziq-ovqat ta’minoti va zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini hududga olib kirish imkonini beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri