Namanganda viloyat sudi tashabbusi bilan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlashda sud va notarialning hamkorligiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Sudyalar, notarial idora vakillari ishtirokidagi tadbirda viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Abdunosir Egamberdiyev, viloyat ma’muriy sudi raisi Zarifaxon Qurbonova, O‘zbekiston Notarial palatasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Rashidxon Xo‘jaxonov fuqaro va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sud va notarial hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, ushbu jarayonda ochiqlik, shaffoflik, samaradorlikni ta’minlash, sohani raqamlashtirishda bajarilishi lozimligini ta’kidladilar.

Bundan tashqari muloqotda sudyalar tomonidan sud amaliyotida uchrayotgan muammolar tahlil qilinib, notariuslar faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tushuntirildi.

Shuningdek, davra suhbatida notiqlar tomonidan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda notarial idoralarning o‘rni, notarial harakatlarga oid nizolarni sudgacha va sudda hal etilishida o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari borasida ham so‘z yuritildi.

Fikr-mulohazalar, qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda kechgan muloqot yakunida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar belgilab olindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA