Nukusda “Aral Vet Mission” loyihasi doirasida Vetteria kompaniyasi tashabbusi doirasida boshlangan amaliy hamkorlik veterinariya sohasida zamonaviy bilim, xalqaro tajriba va ilmiy yondashuvlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida dastur doirasida amaliy mashg‘ulotlar va ilmiy seminar o‘tkazildi. Mazkur tadbirlar “Hayot” nodavlat notijorat tashkiloti, “Mushukkent” ijtimoiy loyihasi, shuningdek “Vitteria” va “Appicena” kompaniyalari mutaxassislarining filial direktori, professor A.Yesimbetov bilan uchrashuvi bilan boshlandi.
Suhbat davomida kelgusi seminarlar, sterilizatsiya bo‘yicha jarrohlik amaliyotlari, ilmiy ma’ruzalar va o‘quv-uslubiy almashinuv masalalari muhokama etildi. Ta’kidlanishicha, bu hamkorlik mahalliy yosh mutaxassislar uchun muhim amaliy maktab bo‘lib, sohada yangi ilmiy yondashuvlarni shakllantirishga zamin yaratadi.
Uchrashuvdan so‘ng, mehmonlar filialning zamonaviy laboratoriyasi bilan tanishib, shu yerning o‘zida dastlabki amaliy mashg‘ulotlarni boshladi. Mashg‘ulotlar davomida mushuk va itlarni sterilizatsiya qilish jarayonining asosiy bosqichlari — amaliyot xonasini tayyorlash, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, jarrohlik materiallarini baholash va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Seminarda filial professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar va amaliyotchi veterinar mutaxassislar ishtirok etib, zamonaviy jarrohlik usullari bo‘yicha nazariy va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashdi. Amaliyotlar filialning laboratoriya bo‘limida amalga oshirildi. Tajribali veterinar jarrohlar tomonidan o‘tkazilgan amaliyotlar yuqori darajada tashkil etildi. Ular har bir jarrohlik bosqichining ilmiy asoslari va amaliy ahamiyatini izchil tushuntirib bordi.
– Bu yerda talabalarning kasbiy bilimga bo‘lgan qiziqishi juda yuqori. Biz ko‘rsatayotgan usullar jarrohlik madaniyatini oshirib, butun hudud veterinariya tizimining zamon talablariga mos rivojlanishiga xizmat qiladi, – deydi rossiyalik veterinar mutaxassis Alena Petrochenko.
Seminar Qoraqalpog‘iston veterinariya tizimi uchun muhim amaliy maydon bo‘lib, yosh mutaxassislar malakasini oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va sohada ilmiy yondashuvni kuchaytirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Mutaxassislar fikricha, ushbu tashabbus hayvonlar salomatligini muhofaza qilish va veterinariya xizmatlari sifatini oshirishda muhim qadamdir.
“Aral Vet Mission” dasturi 21 noyabrga qadar davom etadi. Uning doirasida ilmiy-texnikaviy ma’ruzalar, jarrohlik amaliyotlari, yangi uslublar bo‘yicha treninglar va malaka oshirishga qaratilgan bir qator tadbirlar o‘tkaziladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri