Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlik va tajribalar almashinuvida gap ko‘p
11:50 / 2025-09-18

Sirdaryo viloyatida bosma ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun maxsus press-tur tashkil etildi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan amalga oshirildi va maqsad – mahalliy ommaviy axborot vositalari hamda teleradio sohasidagi yangilanishlar bilan yaqindan tanishtirish, bosma va elektron nashrlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish edi.

Press-tur davomida jurnalistlar birinchi navbatda Guliston shahridagi 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, yoshlar bilan uchrashuvda qatnashdi. O‘quvchilar va maktab rahbarlari bilan muloqot jarayonida gazeta va jurnallarning shaxs ma’naviyati, kelajak avlod tafakkurining shakllanishidagi ahamiyati, shuningdek, obunachilar sonini oshirish orqali ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalash yo‘llari muhokama qilindi.

Tadbirda “Tong yulduzi” va “Ma’rifat” gazetalari, “G‘uncha” va “Gulxan” jurnallari bosh muharrirlari ishtirok etdi. Ular gazeta-jurnallarda amalga oshirilayotgan ijodiy jarayonlar, yangilanishlar va zamonaviy tahririy metodlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, obunachilarni ko‘paytirishning ahamiyati ta’kidlanib, bu qadam ma’naviy komil avlod tarbiyasida muhim o‘rin tutishligi qayd etildi.

Press-turning ikkinchi qismi Sirdaryo viloyati teleradiokanalida tashkil etildi. Mehmonlar yangi binodagi kanalning ichki imkoniyatlari, texnik jihatlari va amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishishdi. Hozirda teleradiokanalda 64 nafar xodim faoliyat yuritib, televideniyeda 18 soat, radioda esa 16 soatlik efirga chiqish imkoniyati yaratilgan. Shu orqali ijodiy va texnik xodimlar tomoshabin va tinglovchilarni hududdagi yangiliklardan tezda xabardor etish , shuningdek, tahliliy, madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar dasturlarni ko‘rimli va qiziqarli qilishga  alohida e’tibor qaratishmoqda.

Yana bir muhim yangilik shuki,  “Sirdaryo” telekanalida sun’iy intellekt texnologiyalari efirda qo‘llana boshladi.  Bu esa press-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

–  Press-tur doirasida mehmonlarimizga yaratilayotgan imkoniyatlarni yaqindan ko‘rsatish biz uchun muhim edi, –  deydi Sirdaryo viloyati teleradiokanali rahbari Zafar Darxanov. –  Zero, yangi binoda tashkil etilgan zamonaviy studiyalar, texnik jihozlar va ayniqsa, sun’iy intellekt asosidagi dasturlar orqali biz tomoshabinlarimizga yanada sifatli kontent taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdamiz. Bu kabi ochiq muloqotlar bosma va elektron ommaviy axborot vositalari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilishiga xizmat qiladi.

–  Bugungi press-tur bosma va elektron ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, mahalliy jurnalistlar uchun kasbiy tajriba almashish imkoniyatini yaratadi, –  deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov. –  Bu esa aholiga tezkor va sifatli axborot yetkazishda muhim ahamiyatga ega.

Press-turning yakunlovchi qismida bosma va elektron OAV xodimlari o‘rtasida fikr almashinuv bo‘lib o‘tdi. Shu orqali gazetalar va jurnallar hamda teleradiokanal hamkorligini yanada mustahkamlash, mahalliy jurnalistikada zamonaviy tendensiyalardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri