Qoraqalpog‘iston Respublikasining sudi va ma’muriy sudi hamda Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamkorligida sud hujjatlarining ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘zga chiqqanlar mazkur tadbirning ahamiyatiga to‘xtalib, sud hujjatlari ijrosini ta’minlashda davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlik va mas’uliyatni kuchaytirish muhimligini ta’kidlashdi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni tizimli asosda davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Seminar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlari tomonidan 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida Majburiy ijro byurolariga yuborilgan ijro hujjatlari, ularning ijrosi, shuningdek, ijro hujjatlari qaytarilish holatlari yuzasidan batafsil tahlillar o‘tkazildi. Shu bilan birga, Majburiy ijro byurolariga kelib tushgan ijro hujjatlarining ijrosi va hozirgi holati muhokama qilinib, ushbu jarayonni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ilgari surildi.

Tadbirda tumanlararo, tuman va shahar sudlari raislariga Majburiy ijro byurolari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Mazkur hamkorlik sud hujjatlarining o‘z vaqtida va samarali ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Shuningdek, sud hujjatlari ijrosini ta’minlashda dolzarb masalalar bo‘yicha taklif va tavsiyalar ham bildirildi. Ayniqsa, sud hujjatlarining ijrosi jarayonida uchrayotgan muammolarni bartaraf etish, ijro intizomini kuchaytirish hamda sudlar va majburiy ijro organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Seminar yakunida sud va Majburiy ijro byurolari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ijro intizomini oshirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA