O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi va Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.
Mazkur kelishuv Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 30 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 9 sentyabrdagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari ijrosi doirasida tuzildi.
Endilikda ikki tashkilot o‘rtasida xorijiy arxivlarda saqlanayotgan mamlakatimizga oid arxiv hujjatlari nusxalarini olib kelish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish, arxiv hujjatlaridan keng foydalanishga qaratilgan birgalikdagi ilmiy loyihalar dasturlarini tayyorlash va bajarish, arxiv kutubxonalarini tarixiy davriy nashrlar bilan boyitish hamda shu kabi bir qator yo‘nalish va takliflar borasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Markaz tomonidan chop etilgan kitoblar va davriy nashrlarning majburiy nusxalari Agentlikka O‘zbekiston milliy arxivlari hisobiga olingan holda taqdim etiladi.
Shuningdek, Davlat arxivlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda markaz xodimlari, doktorantlari uchun davlat arxivlaridagi o‘quvxonalarini tegishli ravishda jihozlash, arxiv yo‘l ko‘rsatkichlari elektron nusxalarini arxiv saytlariga joylashtirish, arxivga shaxsiy texnik vositalari, jumladan, noutbuk, netbuk, diktofonni olib kirish va ulardan foydalanish, arxiv hujjatlariga onlayn buyurtma berish, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish va elektron nusxalar uchun elektron to‘lov tizimini joriy etish kabi imkoniyatlar yaratiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA