Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlik ta’lim sifatini oshirib, kadrlar salohiyatini mustahkamlamoqda
16:59 / 2026-02-03

Yangi O‘zbekistonda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasini tubdan isloh qilish so‘nggi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu jarayonda ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, uni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida xorijiy davlatlar, shu jumladan, Turkiya Respublikasi bilan o‘zaro aloqalar kengayib bormoqda.

Chet davlatlar bilan aloqalar mustahkamlanib, tajribalari ommalashtirilayotgani mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari qamrovini kengaytirib, sifat ko‘rsatkichlarini yangi bosqichga olib chiqayotir. Masalan, 2017 yilda O‘zbekistonda oliy ta’lim bilan qamrov darajasi atigi 9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil bu ko‘rsatkich 38 foizga yetdi. Oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 210 taga oshib, ta’lim sifati o‘sdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar bilan uchrashib, ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga e’tibor qaratdi. 

Keyingi yillarda Turkiya bilan oliy ta’lim va fan sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuv va ilmiy tadqiqotlar orqali amaliy natijalarga erishilmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bunga ayni paytda O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 120 dan ortiq hamkorlik shartnomasi amal qilayotgani yaqqol dalil bo‘ladi. Xususan, qardosh davlat bilan qo‘shma ta’lim dasturlari soni 2020 yilda 12 tani tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil bu raqam 45 tadan oshdi. Ushbu dasturlar doirasida har yili o‘rtacha 5 ming o‘zbekistonlik talaba Turkiya universitetlarida tahsil olish yoki akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Akademik harakatchanlik sohasida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. 2019-2024 yillarda 1 ming 200 dan ortiq professor-o‘qituvchi va ilmiy tadqiqotchi ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashdi. Bu ko‘rsatkichlar ta’lim sifatini oshirishda xalqaro tajribaning ahamiyati yuqori ekanini namoyon etadi.

Ilmiy-tadqiqot sohasida qo‘shma ilmiy loyihalar soni 80 tadan oshib, ularning umumiy moliyalashtirish hajmi 150 million dollardan oshdi. Bu loyihalar muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sohalarida innovatsion ishlanmalarni joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi bilan uchrashuvida Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish loyihasiga alohida e’tibor qaratilgani quvonchli voqea bo‘ldi. Loyiha doirasida 2026-2028 yillarda 10 mingga yaqin talabani qamrab olish, 500 dan ortiq xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb etish rejalashtirilgan. Bu tashabbus mintaqada raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim o‘ringa ega bo‘ladi. Shuningdek, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Yunus Emre instituti madaniyat markazi filialini tashkil etish loyihasi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Markaz har yili 8-10 ming yoshning turk tili va madaniyatini o‘rganishga qulay muhit yaratadi.  O‘zbekiston – Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik bu jarayonning muhim tarkibiy qismi sifatida o‘z ifodasini topib, ikki davlat oliy ta’lim tizimlarining ilmiy-ta’limiy integratsiyasini mustahkamlaydi. Qo‘shma ta’lim dasturlari, xalqaro universitetlar, ilmiy tadqiqot loyihalari hamda madaniy-gumanitar tashabbuslar orqali zamonaviy, raqobatbardosh va innovatsion oliy ta’lim tizimini shakllantirishga mustahkam zamin yaratib, mamlakatimizda yuqori malakali, keng dunyoqarashga ega va xalqaro mehnat bozori talablariga javob bera oladigan mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Institutimiz xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim va ilm-fan sohalariga ilg‘or tajribalarni joriy etish maqsadida Turkiya Respublikasining 20 ga yaqin nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Xususan, Tokat Gaziosmonpasha, Ege, Bartin, Isparta, Kayseri, Anadolu, Istanbul texnika, Hajettepe, Anqara Yildirim Boyazid, Trabzon, Firat, Ibn Xoldun, Istanbul universiteti – Jerrahpasha, Karamano‘g‘li Mehmetbey, Kojayeli, Sakarya amaliy fanlar, Dyuzje hamda Siirt universitetlari bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolangan.

Mazkur aloqalar doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik mobilligini ta’minlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, malaka oshirish dasturlarini tashkil etish hamda qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, hozirgi kunga qadar oliy ta’lim muassasamizning 30 dan ortiq professor-o‘qituvchisi Firat universitetida malaka oshirish kurslarida ishtirok etib, zamonaviy pedagogik yondashuvlar va ilmiy tajribalar bilan tanishib qaytdi. To‘rt nafar talaba akademik mobillik dasturi asosida Firat universitetida tahsil olib, o‘z bilim va malakalarini xalqaro ta’lim muhiti orqali boyitdi. Anadolu universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur universitet bilan tuzilgan kelishuvlar asosida Denov Tadbirkorlik va pedagogika universitetining professor-o‘qituvchilari hamda talabalaridan 30 dan ortig‘i onlayn shaklda turk tilini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Dastur yakunida turk tili bo‘yicha xalqaro sertifikat olgan ishtirokchilar Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida dars berish va akademik faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Xullas, Turkiya oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik institutimizda ta’lim sifatini oshirib, kadrlar salohiyatini mustahkamlashga oliy ta’lim muassasamizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani tahsinga sazovor bo‘lmoqda.

Oybek Ro‘ziyev, 

Denov tadbirkorlik va 

pedagogika instituti rektori.

O‘zA