Qarshi davlat texnika universitetida “Karera kuni” mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga asosan Qashqadaryo viloyati va Qarshi shahar hokimliklari hamkorligida tashkil etildi.
Yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, ularning iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun qulay sharoit yaratish, ish bilan ta’minlash va munosib daromad manbaiga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan tadbir doirasida yosh olimlar o‘z ilmiy tadqiqot ishlarini namoyish etdi. Universitetning bosh binosida talabalar va bitiruvchilar uchun davra suhbatlari, mahorat darslari hamda seminar-treninglar o‘tkazildi.
Ta’kidlash lozimki, universitet viloyatdagi qator ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlar bilan hamkorlik shartnomalariga ega. Tadbirda “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ, “Uzbekistan GTL”, “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJ, “O‘zstandart” agentligi viloyat filiali, Dehqonobod kaliy zavodi, Qashqadaryo viloyati Markaziy banki, Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot universiteti kabi 50 dan ortiq korxona va muassasa mutaxassislari hamda ish beruvchilari qatnashdi.
[gallery-23597]
– Joriy o‘quv yilida bakalavr va magistratura bosqichini 5 ming 259 nafar bitiruvchi tamomlamoqda, – deydi universitetning o‘quv-uslubiy ishlar bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Anvar Abdiyev. – Ulardan 2 ming 822 nafari turli dastur va tanlovlar orqali hamkor tashkilotlarda ish o‘rinlariga ega bo‘lgan. “Karera kuni” mehnat yarmarkasidan so‘ng yana 658 nafar bitiruvchi ish bilan ta’minlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur mehnat yarmarkasi fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlash hamda yoshlar bandligini ta’minlashdagi amaliy sa’y-harakatlarning yorqin namunasi bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari