Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida taniqli fransuz dirijyori, “San’at va adabiyot kavaleri” ordeni sohibasi Natali Marin hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali simfonik orkestri hamkorligida konsert dasturi tashkil etildi.
O‘zbekistonda fransuz musiqasi festivali doirasida tashkil etilgan konsert dasturida Natali Marin va simfonik orkestr bilan birgalikda jonli tarzda ijro etilgan milliy va jahon klassikasining uyg‘unligi, orkestrning qudratli kuylari tomoshabinlar qalbida o‘zgacha taassurot qoldirdi. Jonli tarzda o‘tgan konsert dasturi barchani haqiqiy simfoniya olamiga olib kirdi.

– San’at, madaniyat hech qachon til, makon tanlamaydi, – deydi Natali Marin. – Tashrif davomida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali talabalariga mahorat darslarini o‘tdim. Talabalarning aksariyati mahoratli. Albatta, bunday tadbirlarning o‘tkazilishi yoshlarda musiqa va san’atga bo‘lgan qiziqishni oshirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodda musiqa madaniyatini shakllantirish, davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada yuksaltirish va ular o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash, shuningdek, o‘zaro tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joiz, Natali Marin Kopengagendagi Daniya Qirollik akademiyasida orkestr dirijyorligi bo‘yicha magistrlik darajasini olgan. Mehmon dirijyor sifatida Buenos-Ayres, Bryussel, Nitssa, Kann simfonik orkestri va boshqa ansambllarda ishlagan. Mashhur fransuz dirijyori Lotin Amerikasi va Yevropa bo‘ylab ta’sirchan musiqiy sayohat qildi va butun dunyodagi nufuzli joylarda o‘z izini qoldirdi. Faoliyati davomida u 27 ta mamlakatda mehmon dirijyor sifatida ishtirok etgan.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.