English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlik sari ishonchli qadam
13:40 / 2025-10-23

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Muratovning tadbirkorlik sub’ektlari muammolarini o‘rganish hamda ularga amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilgan navbatdagi sayyor qabuli Qorako‘l tumanida joylashgan “Qorako‘l kumush kalava” MCHJda bo‘lib o‘tdi.

Sayyor qabulda o‘ndan ortiq mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi. Muloqot davomida B.Muratov tadbirkorlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular duch kelayotgan amaliy masalalarga joyida yechim topish, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonlarini yanada soddalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Xususan, “Qorako‘l kumush kalava” MCHJ vakillari bilan o‘tkazilgan suhbat chog‘ida korxonaga “vakolatli iqtisodiy operator” maqomini olish tartibi, uning afzalliklari hamda mazkur maqom tadbirkorlarga beradigan keng imkoniyatlar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Tumanning “Xo‘jalar” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan “Qorako‘l kumush kalava” MCHJ to‘qimachilik fabrikasi ip-kalavani qayta ishlab, undan yarim tayyor va tayyor matolar tayyorlashga ixtisoslashgan bo‘lib, ularning salmoqli qismi Rossiya, Xitoy, Turkiya, Belarus kabi xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda. 3,5 gektar maydonda bunyod etilgan fabrika qisqa vaqt ichida yuzlab odamlarni ish bilan ta’minlab, mahalliy iqtisodiyotga katta hissa qo‘shmoqda.

Korxonada bugungi kunda 400 nafardan ortiq ishchi-mutaxassis muntazam faoliyat olib bormoqda. Xodimlar uchun yaratilgan qulay mehnat sharoitlari ularning samarali ishlashiga, oilalarining barqaror daromad topishiga zamin yaratmoqda.

– Yaqinda Xitoy davlatidan yangi zamonaviy to‘quv dastgohini olib keldik. Ushbu texnologiya nafaqat mahsulot sifati va ishlab chiqarish hajmini oshirishga, balki yangi ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi. Natijada qo‘shimcha qiymat yaratiladi, korxonamizning eksport salohiyati ham yanada kengayadi. Maqsadimiz Qorako‘lda ishlab chiqarilgan matolarni dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega qilishdir, – deydi korxona rahbari Asror Mansurov.

Darhaqiqat, bugun korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi juda salmoqli. Bu yerda yiliga 10 million pogono metr pishiq, sifatli mato va 3 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlarning katta qismi eksport qilinib, umumiy hajmi 7 million dollardan ortmoqda.

Shuningdek, uchrashuv davomida ishlab chiqarish jarayonlarida quyosh elektr panellaridan foydalanish, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda mavjud bojxona imtiyozlari va qonunchilik talablari yuzasidan ham muhim tavsiyalar bildirildi.

Tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan masalalar bo‘yicha tegishli bo‘lim va mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA