Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlik sanoat tarmoqlarini rivojlantiradi
12:23 / 2025-10-23

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga safari davom etmoqda.

Delegatsiya Moskva viloyatida tashkil etilgan Rossiya va O‘zbekiston hududlari II kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. 

Ushbu nufuzli tadbir ikki davlat o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun o‘ziga xos maydon hisoblanadi. Belgilangan dasturga muvofiq, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator tadbirlar, amaliy uchrashuv va muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ham o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Viloyat hokimi  hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va bu boradagi dastlabki natijalar xususida alohida to‘xtaldi.  

Jumladan, amalga oshirilgan tashabbuslar qatorida Angren shahrida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihaning ikkinchi bosqichi bor. Bu korxona uch million dollarlik eksport salohiyatiga ega bo‘lib, 600 nafardan ortiq fuqaroni ish bilan ta’minladi. Tatariston Respublikasi bilan hamkorlikda “Chirchiq” kimyo-sanoat texnoparki yanada kengaytirilmoqda. Hozir bu yerda 15 ta korxona faoliyat yuritmoqda va 250 million dollarlik yana 10 ta loyiha ishga tushish arafasida. 

Bashqirdiston bilan hamkorlikda qo‘shma sanoat zonasi tashkil etish bo‘yicha ham loyiha boshlangan. Sankt-Peterburglik sheriklar bilan qurilish va izolyatsion materiallar sohasida faol hamkorlik qilinmoqda. Hamkorlik jarayonida elektrotexnika, farmatsevtika, logistika va “yashil energetika” sohalaridagi kooperatsiyaga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Moskva, Leningrad va Belgorod viloyatlari hamkorlari bilan transformatorlar, elektromobillar uchun quvvatlagich stansiyalar, dori-darmon vositalari va zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 120 million dollardan ortiq loyihalar ko‘zda tutilgan.  

Irkutskning “Ambaks” kompaniyasi bilan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan logistika markazi hamda 25 million dollarlik zargarlik buyumlari va maxsus mebel ishlab chiqarish zavodi qurilmoqda.  Qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida ham bir qancha loyihalar yo‘lga qo‘yilgan. 

Ikkinchi forumga tayyorgarlik doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida qariyb 200 million dollarlik eksport shartnomasi imzolandi. Bundan tashqari, tadbirkorlarimiz Qozon, Ufa va Moskva viloyatida umumiy qiymati 70 million dollar bo‘lgan ulgurji savdo va tayyorlov markazlarini tashkil qilmoqda. 

– Umuman, Toshkent viloyati Rossiya hududlari bilan hamkorlikdagi qo‘shma loyihalari hajmini ikki milliard dollargacha yetkazish maqsad qilingan. Toshkent viloyati Rossiya-O‘zbekiston kooperatsiyasi uchun ishonchli maydon bo‘lishga tayyor, – deb ta’kidladi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev o‘z nutqida. 

Forum doirasida Arxangelsk, Omsk viloyatlari rasmiylari va Toshkent viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-madaniy sohalarda hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv, Boshqirdiston Respublikasi hukumati va Toshkent viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ta’lim, yoshlar va sanoat sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv, Omsk viloyati rahbarlari va Toshkent viloyati hokimligi vakillari o‘rtasida 2025–2027 yillarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) imzolandi. 

A.Musayev, O‘zA