Navoiy shahrida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Navoiy viloyati IIB, prokuraturasi hamda Milliy gvardiya Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Navoiy viloyati IIB JXX JTSB PPX batalonining patrullik xizmatiga jalb etilgan xodimlariga Patrul-post xizmati saf bo‘linmalarining ko‘cha va jamoat joylarida jamoat tartibini saqlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda shaxsiy xavfsizlikni ta’minlagan holda xizmat olib borish yuzasidan xizmat oldi yo‘riqnoma berildi.
– Har bir bosqichga xizmatga jalb etilgan xodimlarga respublika miqyosida sodir bo‘layotgan salbiy holatlar yetkazilishi ta’minlab borilmoqda, – deydi Navoiy viloyati IIB JXD Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Rustam Yusupov. – Ko‘cha va jamoat joylarida shubha uyg‘otganligi va huquqbuzarlik sodir etganligi uchun fuqarolar ichki ishlar organlariga olib kelinib, shaxsiga aniqlik kiritilgandan keyin belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rilmoqda. Tungi vaqtda qarovsiz yurgan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga hamda mastlik holatida bo‘lgan fuqarolar Navoiy shahar Narkologiya dispanseriga yotqizilyapti. Ko‘cha va jamoat joylarida bemaqsad yurgan, yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar aniqlanib, reabilitatsiya markaziga joylashtirilyapti. Noxush holatlarning oldini olish maqsadida buklet va flayerlar tarqatilmoqda.
Shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish maqsadida hududlardagi kafe-bar, dorixona va savdo do‘konlari egalari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilmoqda. Mazkur joylarda o‘g‘irlik jinoyatning oldini olish maqsadida Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati pultiga ulanish, videokuzatuv kameralari afzalliklari va o‘rnatish choralarini ko‘rishlari to‘g‘risida tushuntirish ishlari amalga oshirilyapti.
Tadbir davomida idoraviy qorovullik bo‘linmalarida xizmat olib borayotgan ob’ekt qorovullarining xizmat faoliyati o‘rganilib, tegishli ko‘rsatmalar berilmoqda.
Navoiy viloyati IIB JXX JTSB PPX bataloni xodimlari tomonidan “Xavfsiz tun” tadbiri davomida xizmat yo‘nalishlarida fuqarolarning qarovsiz qoldirilgan shaxsiy buyumlari, jumladan, bolalar aravachasi, velosipedlar hamda ochiq holda tashlab ketilgan avtomashinalar aniqlanib, ularni egalariga topshirish choralari ko‘rilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA