Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlik natijasida 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi
17:36 / 2022-06-02

Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, zamonaviy texnika va yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan yangi korxonalarni tashkil qilish va investitsiyalarni jalb etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ishlab chiqarishda yetakchi korxonalardan biri hisoblangan “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida 2022-2025 yillarda kalsiylangan soda ishlab chiqarishni yiliga 450 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborgan.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun davlatimiz rahbarining 2019 yil 3 apreldagi “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida korxonada ishlab chiqarish quvvatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun tender o‘tkazilib, tender yakuniga ko‘ra Rossiyaning “Salyus” kompaniyasi g‘olib, deb topildi.

Pudratchi o‘z ishini sifatli, ishonchli va o‘z vaqtida yakunlab, yorug‘ yuz bilan topshirish bo‘yicha buyurtmachi kompaniyaning vakillari bilan bir necha marotaba uchrashuvlar o‘tkazib, loyihani amalga oshirish muhokama qilinib, kelishuvga erishildi. Hozirda loyiha qurilish maydonining topografik rasmlari va koordinatalari bosh pudratchiga taqdim qilinib, qurilish maydoni gidrogeologiya ishlari yakuniga yetkazildi.

Qurilish maydoni bosh pudratchiga to‘liqligicha taqdim qilinishi uchun loyiha maydoniga yer ajratish va tashqi muhandislik kommunikatsiyalarini (tabiiy gaz, suv ta’minoti va elektrenergiya) tortib kelish va ulanish ishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari ishlab chiqilib tasdiqlandi. Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 20 maydagi “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MCHJ qo‘shma korxonasida 2022-2025 yillarda kalsiylangan soda ishlab chiqarishni yiliga 450 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlanib, unga ko‘ra “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasiga ijara asosida jami 76,6 gektar yer maydonlari ajratildi.

Loyihaning ishga tushirilishi bilan korxonada ishlab chiqarish ko‘lami kengayishi, sof foydaning oshishi, 300 ta yangi ish o‘rni yaratilishi, o‘z navbatida ishchilar uchun yangi turar joy binolari, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, avtomobil yo‘llari qurilib, aholi ish va uy-joy bilan ta’minlanadi.

Mamlakatimizga 29 may - 1 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan bo‘lgan Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyati vitse-gubernatori boshchiligidagi biznes vakillar bilan bo‘lib o‘tgan rasmiy uchrashuvda, Rossiyaning “Salyus” kompaniyasi va “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida loyihani amalga oshirish uchun ikki tomonlama hamkorlikning keyingi bosqichiga start berildi.

Har bir jabhada amalga oshirilayotgan loyihalar aholi manfaatiga, ishsizlik muammolarini bartaraf etishga xizmat qilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA