Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va Bashqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot avvalida viloyat hokimi Z.Mirzayev mehmonlarni samimiy qutlab, har ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, ayniqsa, bu munosabatlar hududlararo hamkorlik asosida jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, Toshkent viloyatida turli sohalarda istiqbolli tashabbuslar yuzasidan amaliy qadamlar tashlangani, Bashqirdiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Sheldyaev bilan ham olib borilgan samarali muzokaralar bu borada muhim o‘rin tutgani qayd etildi.

O‘z navbatida, Radiy Xabirov Toshkent viloyati bilan hamkorlik qilishga qiziqish yuqori ekanini aytar ekan, bu mintaqa sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va turizm sohalari, ishlab chiqarish hamda mashinasozlik yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun katta imkoniyatlar hududi ekanini e’tirof etdi.

Qayd etish lozim, Boshqirdiston neft-gaz, mashinasozlik, ta’lim, kimyo va qishloq xo‘jaligi sohalarida yetakchi mintaqa hisoblanadi. Toshkent viloyati esa infratuzilmasi tez rivojlanayotgan, turli sanoat tarmoqlari jadal kengayayotgan hudud sifatida investitsiya uchun jozibador maskan.

Suhbat mobaynida tomonlar ikki hudud o‘rtasida ayni shu sohalarga ko‘proq e’tibor qaratish, iqtisodiy, investitsion va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Uchrashuv ochiq, samimiy va galdagi amaliy qadamlarga yo‘naltirilgan ruhda o‘tdi.
A.Musayev, O‘zA.