English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlik mustahkamlanmoqda
12:06 / 2021-06-17

Toshkent davlat stomatologiya instituti yuqori malakali va raqobatbardosh tibbiyot kadrlarini tayyorlash maqsadida bir qator ishlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, ta’lim jarayonini xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan integratsiyalash imkonini beradigan kredit-modulli o‘qitish tizimi amalga oshirilmoqda. Ma’ruzalar va seminarlar o‘tkazish uchun 25 nafardan ortiq xorijiy mutaxassis jalb qilingan.  

Ushbu yo‘nalishda Toshkent davlat stomatologiya institutiga Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi delegatsiyasi tashrif buyurdi.  

Muloqot mobaynida sog‘liqni saqlashda kadrlarni tayyorlash, innovatsion va ilg‘or tajriba almashish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot masalalari muhokama qilindi.  

Uchrashuvda Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasining birinchi prorektori, professor M.Esirkepov rahbarligidagi delegatsiya tomonidan stomatologiya va farmatsiya yo‘nalishidagi o‘quv-uslubiy ishlarni takomillashtirish, ilmiy va klinik ishlar, magistratura va doktorantura faoliyatiga bog‘liq masalalar atroflicha muhokama etildi.  

O‘zaro hamkorlikni yanada davom ettirish, aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga kelishib olindi.  

 

Mohigul Qosimova,  O‘zA