Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlik memorandumi imzolandi
17:04 / 2025-11-26

Andijonda 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijalari, 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi doirasidagi loyihalarga takliflar berish, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat tashkilotlari bilan hamkorligini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Viloyat adliya boshqarmasi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Andijon viloyati hududiy bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda fuqarolik jamiyati institutlari, davlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Davra suhbatida keyingi yillarda mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

– 2023 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi belgilab qo‘yildi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Murodjon Ahmadoxunov. – Birgina joriy yilning o‘zida sohaga oid 20 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xususan, 2025 yil 21 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga daxldor 10 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlari uchun yangi davr boshlandi.

Davra suhbatida  “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida viloyatda amalga oshirilgan ishlar, ularning natijalari tahlil qilindi.

Amalga oshirilgan ishlar xususida viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Murodjon Ahmadoxunov, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi viloyat bo‘linmasi rahbari Zarifaxon Ahmedova, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi Adhamjon Uzoqjonov, “Yuksalish” harakati viloyat bo‘linmasi rahbari Diyorbek Turg‘unov hamda qator nodavlat tashkilotlari vakillarining ma’ruzalari tinglandi.

– Joylardagi aniq muammolarni o‘rganish, ularning manzilli va samarali yechimiga ko‘maklashish jarayonida fuqarolik jamiyatlari ishtirokini kuchaytirish maqsadida ular davlat granti va ijtimoiy buyurtmasi asosida qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda, – deydi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi viloyat bo‘linmasi rahbari Zarifaxon Ahmedova. – Birgina joriy yilda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga jamoat fondi Andijon bo‘linmasiga 5 milliard 693 million so‘m mablag‘ jalb qilindi. Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Andijon viloyatidagi fuqarolik jamiyati institutlarining loyihalarini amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida 1 ta loyihaga 4 milliard so‘m, davlat granti shaklida 13 ta loyiha uchun 1 milliard 693 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Hozirda ana shu loyihalarning barchasi muvaffaqiyatli yakunlanmoqda. 

[gallery-26427]

Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan loyihalarga takliflar berildi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, viloyatdagi dolzarb muammolarni hal etishda NNTlar, fuqarolik jamiyati institutlarining mavjud imkoniyat va salohiyatidan kengroq foydalanish, ularning faolligini oshirish, davlat tashkilotlari bilan hamkorligini mustahkamlash yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Tadbir doirasida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi viloyat bo‘linmasi hamda viloyat adliya, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, viloyat hokimligi huzuridagi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari malakasini oshirish o‘quv markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda faollik ko‘rsatayotgan bir guruh hamkor tashkilotlar, NNT va ommaviy axborot vositalari vakillariga tashakkurnomalar berildi.

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.