Fransiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk ishchi tashrif bilan Sirdaryo viloyatida bo‘ldi.
Tashrif doirasida viloyat hokimligida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda hududlararo hamkorlikni kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.


Tomonlar o‘zaro manfaatli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, xususan, ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.

Shundan so‘ng, Fransiya elchisi Guliston shahridagi 15-umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi. Mehmonni viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Malvonberdiyev hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyevalar kutib olishdi.
Ta’kidlash joizki, 2025–2026-o‘quv yilidan boshlab viloyatda fransuz tilini o‘qitish sifatini yanada oshirish, o‘quvchilarning til bilish ko‘nikmalarini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish maqsadida Fransiyadan ikki nafar mutaxassis jalb etilgan.

Jumladan, Boyovut tumanidagi 21-umumta’lim maktabida Benjamin Guitteau, Guliston shahridagi 15-umumta’lim maktabida Rayane Bekhakh faoliyat yuritmoqda.
Tashrif davomida elchi maktabda ikkinchi xorijiy til sifatida fransuz tilini o‘rganayotgan 11-sinf bitiruvchi o‘quvchilari bilan uchrashib, ular bilan ochiq muloqot qildi. Suhbat jarayonida o‘quvchilar o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etdilar, Fransiya madaniyati, ta’lim tizimi hamda kelgusidagi rejalari haqida fikr almashdilar.
Elchi yoshlarning fransuz tiliga bo‘lgan qiziqishi va erkin muloqot qilish qobiliyatini yuqori baholab, ularga ta’lim yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, til o‘rganish nafaqat bilim, balki yangi imkoniyatlar eshigini ochishi, xalqaro maydonda o‘z o‘rnini topishda muhim omil ekanini ta’kidladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri