Buxoro energetika, neft va gaz sanoati texnikumida fuqarolarni tartibli va xavfsiz migratsiyaga jalb qilish, xorijga ishga ketish oldidan kasbga o‘qitish hamda sertifikatlash tizimiga doir uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Gazpromneft” kompaniyasining ichki xavfsizlik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Viktor Sorokin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, “Gazprom bureniye” va “Techenergiy” kompaniyalari mas’ul mutasaddilari ham ishtirok etdi.
Muloqotda xorijiy delegatsiya tomonidan Rossiya o‘lkasida neftni qayta ishlash sohasi operatori yo‘nalishida yana 150 nafar ishchi-mutaxassisga talab borligi taklif etilib, bu o‘rinlarga har bir nomzod uchun ish beruvchi tomonidan o‘qitish va boshqa sarf-xarajatlari qoplab berilishi bayon qilindi.

So‘zga chiqqanlar rossiyalik ish beruvchilarga migratsiya masalalarida chet ellik hamkasblar bilan olib borilayotgan hamkorlik samarasi, mahalliy sharoitda mutaxassislarni o‘qitish, kasbli qilish chora-tadbirlari, ish beruvchilarga qo‘yilgan talablar xususida ma’lumot berdi.
Shuningdek, endilikda xorijda ishlashni istovchilarni saralash va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha viloyatda yaratilgan qulayliklar, bunda chet elda kafolatlangan ish va mehnat sharoitlarida ishlash, bu jarayonda ham ish beruvchi migrantning sarf-xarajatlarini qoplab berishi kafolatlangani to‘g‘risida ham so‘z bordi. Shu kabi taklif qilingan yo‘nalishlarda o‘rtacha oylik ish haqqi 1500-2000 AQSH dollari atrofida ekanligi aytildi.

Muzokaralar jarayonida o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyoti imkoniyatlarini kengaytirish, “Gazpromneft” tasarrufidagi korxona va tashkilotlar uchun o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.
Yakunda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘quv-ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirish va kadrlar tayyorlash sifatini oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.