Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
16:28 / 2023-08-21

O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi aloqalar tamomila yangi bosqichga chiqdi. Ikki davlatning hamkorligi savdo iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar yo‘nalishlarda har tomonlama samarali bo‘lmoqda. Xususan, bu ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yanada kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etyapti.

Ayni paytda yurtimizda uzumchilik tarmog‘ini rivojlantirish, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish orqali eksport ko‘lamini kengaytirish, vinochilik sanoatida zamonaviy usullarni tatbiq qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shundan kelib chiqib Buxoroda yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlash jarayonlari ko‘lami ham ortyapti.  

Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida” gi qarori asosida viloyatdagi yirik korxonalardan sanalgan “Shoxrud” aksiyadorlik jamiyati ham “Zamonaviy texnologiyalar orqali eman bochkalarni ishlab chiqarish” loyihasini ilgari surgan edi. Ushbu loyiha Vengriya davlati bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirildi.  

– Davlatimiz rahbarining Vengriyaga tashrifidan keyin o‘zaro iqtisodiy aloqalar rivojlandi, – deydi “Shoxrud” aksiyadorlik jamiyatining bosh energetigi Bahodir Tohirov. – Biz ham tashrifdan foydalangan holda Vengriyada ishlab chiqaradigan eman bochkalarni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni boshlagan edik. Natijada loyihaning 50 foiz mablag‘ini qo‘shgan holda investor topildi. “Shoxrud” aksiyadorlik jamiyati xodimlarining 5 nafari Vengriyada bir oy davomida malaka oshirib qaytdi. Ayni paytda shu loyiha bo‘yicha uskunalar olib kelinmoqda. Shartnomalar tuzilmoqda. Loyihamizning umumiy qiymati 800 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Loyihaning tugallanish sanasi 2023 yilning oxirida mo‘ljallanyapti. Loyiha to‘la quvvat bilan ishga tushgandan keyin qo‘shimcha 50 ish o‘rni yaratiladi.  

Hozirda “Han vayn” O‘zbekiston – Vengriya qo‘shma korxonasini ishga tushirish uchun barcha texnologik jarayonlar amalga oshirildi. E’tiborli tomoni eman bochkalarda tayyorlanadigan mahsulotga bugundanoq xorij bozorida talab juda yuqori.  

– Bizning zavodimiz hozirgi zamonaviy texnologiya asosida ishlab chiqarilgan eman bochkalarida o‘zining ya’ni spirt, konyak mahsulotlarini saqlab kelmoqda, –deydi korxona bo‘lim boshlig‘i Akbar Avezov. – Bochkalarning afzallik jihatlari mahsulotni sifat darajasida saqlaydi.

Jamiyat tomonidan Vengriyaning sohada yetakchi korxonalari bilan yangi loyihalar bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda. Keyingi bosqichlarda Yevropa standartlariga javob beruvchi tayyor mashulotlar hajmini ko‘paytirish nazarda tutilgan.  

Zarif Komilov, O‘zA