Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev boshchiligidagi delegatsiya Iordaniyada xizmat safariga bordi.
Asosiy maqsad Iordaniya oliy ta’lim vazirligi tomonidan Buxoro davlat tibbiyot institutini akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun chora-tadbirlarni muhokama qilish va ularni amalga oshirishdan iborat.

Safar davomida Buxoro davlat tibbiyot instituti akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan va qiziqish bildirgan ta’lim sohasidagi barcha hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Buxoro davlat tibbiyot instituti mas’ullari Iordaniya Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vazirligida bo‘ldi. Vazir o‘rinbosari bilan uchrashuvda bir qator dolzarb va manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi. O‘z navbatida Sh.Teshayev Buxoro davlat tibbiyot institutining bugungi akademik imkoniyati va xalqaro hamkorlik geografiyasi, ta’lim jarayonlari va boshqa masalalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Iordaniyaning oliy ta’lim va tadqiqotlar vazirligi vakillari uchun taqdimot o‘tkazildi.
Muloqot chog‘ida akkreditatsiya jarayoniga oid masalalar muhokama qilindi. Ayni paytda mazkur davlat fuqarolari ham Buxoro davlat tibbiyot institutida tahsil olmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA