Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
19:12 / 2015-09-29

Poytaxtimizda 29-sentabr kuni “Shaharning yuqori texnologik infratuzilmasi” mavzusida O‘zbekiston – Yaponiya konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Poytaxtimizda 29-sentabr kuni “Shaharning yuqori texnologik infratuzilmasi” mavzusida O‘zbekiston – Yaponiya konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining o‘rinbosari Sh.To‘laganov, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, Yaponiya yer, infratuzilma, transport va sayyohlik vazirining parlamentdagi o‘rinbosari K.Suzuki, Toshkent shahar hokimi R.Usmonov va boshqalar O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha jabhalarda, jumladan, iqtisodiyot, sanoat va yuqori texnologiyalar sohalarida izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yilning fevral oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi o‘zaro manfaatli va faol munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qildi.

Yaponiya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridan. Mamlakatimiz uchun Osiyo-Tinch okeani davlatlari bilan aloqalarni kengaytirishda Yaponiya bilan munosabatlarni rivojlantirish alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida 2002-yilda imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot o‘zaro munosabatlarning izchil rivojlanishida muhim omil bo‘layotir. 

Har qanday mamlakat iqtisodiyotini jadal va mutanosib rivojlantirishda, aholi hayot darajasi va turmush sifatini tubdan yaxshilashda, boshqa sohalar qatori turizmni ravnaq toptirishda shaharlar infratuzilmasini takomillashtirish muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida shaharlarni modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotir. Xususan, shaharlarimizni kompleks qurish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarning hayotga izchil tatbiq etilishi natijasida ularning qiyofasi tubdan o‘zgarib bormoqda. Yurtimiz shaharlari qadimiy va zamonaviy me’moriy an’analar uyg‘unligida tobora go‘zallashib borayotir, noyob loyihalar asosida ma’muriy binolar, mahobatli inshootlar, ko‘rkam turar joylar hamda keng ko‘chalar, ravon yo‘llar va zamonaviy ko‘priklar, obod bozorlar bunyod etilmoqda. 

Shaharlarimizning betakror qiyofasi va qulay, zamonaviy infratuzilmasi xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortmoqda. Buyuk Britaniyaning nufuzli «The Economist» jurnalining bergan bahosiga ko‘ra, poytaxtimiz Toshkent shahri obodligi va yashash uchun qulayligi jihatidan dunyo reytingida 140 shahar orasida 58-o‘rinni egallagani va jahon tasnifida yashash uchun eng qulay bo‘lgan yirik shaharlar qatoriga kiritilgani mamlakatimizda shaharlarni obodonlashtirish va infratuzilmasini jadal yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga yorqin misol bo‘la oladi. 

Shaharsozlik yo‘nalishida O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligiga bag‘ishlangan konferensiyada mamlakatimizda shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar, shaharlarning yuksak industrial rivojlanish salohiyati yuqori baholandi. Bu sa’y-harakatlar O‘zbekistonda sanoat va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan sarmoyaviy muhitni yanada yaxshilashga va mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. 

– O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi yetakchi mamlakat, – dedi Yaponiya yer, infratuzilma, transport va sayyohlik vazirining parlamentdagi o‘rinbosari Keysuke Suzuki. – Yaponiya uchun O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Shu bois tadbirda ishtirok etgan Yaponiyaning ko‘plab kompaniyalari mamlakatingiz bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Toshkentning go‘zal va fusunkor qiyofasi katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Toshkent metropoliteni xavfsiz, qulay va yuksak xizmat ko‘rsatish madaniyati namunasiga aylangani, bekatlarning o‘ziga xos, betakror dizayni meni hayratga soldi. Biz Yaponiyaning yuqori texnologiyalarini jalb etgan holda poytaxtingiz infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo‘yicha mamlakatingiz bilan yaqin hamkorlik qilmoqchimiz. 

Forumda shaharsozlik sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr va tajriba almashildi. Kunchiqar mamlakatning shahar infratuzilmasini rivojlantirishdagi eng zamonaviy texnologik yutuqlari haqida so‘z yuritildi.

Anjumanda ishtirok etgan Yaponiyaning «Shimidzu», «Taysei», «AyEychAy», «Itochu», «Tekuno Toransu», «Mitsubishi», «Toyota Suse», «Nippon Koei», «Marubeni», «Panasonik», «Mitsui» kabi qator korporatsiyalar va moliyaviy tashkilotlar vakillari O‘zbekistonda boshqa yo‘nalishlar qatori shaharni modernizatsiya qilish va infratuzilmani yuqori texnologik rivojlantirishda faol ishtirok etish, o‘zaro foydali hamkorlikni yanada kengaytirish niyatida ekanini qayd etdi. 

Konferensiyada O‘zbekiston, Yaponiya va jahonning yuqori sifatli shahar va transport infratuzilmalari, sohada xavfsizlik va transport boshqaruvi tizimi, bunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni, qurilishning barqarorlashtirish metodlari, tabiiy ofatlarning oldini olish texnologiyalari hamda bu borada qo‘shma va moliyaviy loyihalarga doir masalalar muhokama qilindi.

Yaponiya delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Toshkent shahar hokimligida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.