Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov o‘rtasida onlayn shakldagi muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi.
Viloyat hokimi muntazamlik kasb etib borayotgan muloqotlar o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish, hamkorlikka oid masalalarni atroflicha muhokama qilish hamda aniq amaliy yechimlar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

O‘z navbatida, Boshqirdiston rahbari O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani, ayniqsa, Toshkent viloyati eng ishonchli va strategik hamkorlardan biri ekanini aytdi. Bu hududda so‘nggi yillar amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiyaviy muhitni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar Boshqirdiston ishbilarmon doiralarida katta qiziqish uyg‘otayotganini qayd etdi.

Shuningdek, u yaqinda Toshkent viloyati delegatsiyasining Ufa shahriga amalga oshirgan tashrifini ham samarali baholab, mehmonxona qurish, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini bildirdi.
Qayd etish lozim, Boshqirdiston Respublikasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan hamda turizm sohalarida amalga oshirilayotgan va qo‘llab-quvvatlanayotgan dasturlar yuksak natijalar bermoqda. Bu tajriba har ikki tomon uchun ham o‘zaro manfaatli bo‘lib, hamkorlik qadamlari allaqachon tashlangan.

Chorvachilikni rivojlantirish maqsadida 400 ming AQSH dollari qiymatidagi loyiha doirasida 4 ming gektar yer maydoni ajratilmoqda. Hozirda mazkur loyihalar bo‘yicha yer hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari davom etmoqda. Bundan tashqari, Boshqirdiston Respublikasi Xalq tabobati va apiterapiya markazining Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida filialni tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu loyihaning umumiy qiymati 300 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hududlar o‘rtasidagi hamkorlik yangi ish o‘rinlari yaratish hamda iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishini alohida qayd etdi. Bugungi samimiy muloqot kelgusida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratishga ishonch bildirildi.
A.Musayev, O‘zA.