French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlandi
17:51 / 2014-10-24

Toshkentda O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari ishtirokida kooperatsion birja o‘tkazildi.

Toshkentda O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari ishtirokida kooperatsion birja o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Kooperatsion birjaning ochilishida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar strategik sheriklik asosida rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Ayni paytda mamlakatlarimiz o‘rtasida ikki yuzdan ziyod bitim imzolangan. O‘zbekistonda 412 qo‘shma korxona, shuningdek, Janubiy Koreyaning 81 kompaniyasi vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimiz Janubiy Koreyaga oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari, mashina va asbob-uskunalar, mineral o‘g‘itlar yetkazib bermoqda, shuningdek, transport, kommunikatsiya va sayyohlik xizmatlari ko‘rsatmoqda.

Kooperatsion birja yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish, bo‘lajak hamkorlar haqida zarur ma’lumotlar olish borasida o‘ziga xos samarali maydonga aylandi. Tadbir ishtirokchilari iqtisodiyotning turli tarmoqlarida o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi va “Angren” maxsus industrial zonasi doirasida mamlakatimiz bilan investitsiyaviy hamkorlik qilish imkoniyatlari bilan tanishtirildi.

– Bugun O‘zbekistonda chet ellik investorlar uchun qulay sharoit yaratilganiga yana bir bor amin bo‘ldik, – deydi Chonju universiteti Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish markazi rahbari, professor Chong Xo-Yon. – Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining o‘zaro manfaatli hamkorligi katta istiqbolga egadir. 

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Chonju universiteti Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish markazi o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.