Buxoroda “Ommaviy axborot vositalarida sud organlarining ijobiy imijini mustahkamlash va ijtimoiy tarmoqlarda inqirozli vaziyatlarni boshqarishda samarali ishtirok etish” mavzusida trening o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat sudlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultantlari (matbuot kotiblari) hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi
Trening Oliy sud, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda “East-West Management Institute” NNT O‘zbekistondagi filialining “Sud tizimini mustahkamlash” (JSSA) qo‘shma loyihasi ko‘magida tashkil etildi.
Bugungi tezkor davr, shiddatli axborot asri oldimizga faoliyatimiz shaffofligini ta’minlash uchun jamoatchilikka tezkor, xolis va haqqoniy xabarlar yetkazish vazifasini qo‘ymoqda. Shu ma’noda davlat va jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalarida axborot olish imkoniyatini ta’minlash bugungi kunda yangi O‘zbekistonning ochiq va adolatli siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Sud-huquq tizimining yangi axborot siyosatini, shu jumladan, sudlar faoliyati ochiqligini ta’minlash borasida davlat miqyosida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Prezidentimiz tomonidan 2023 yil 16 yanvar kuni “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni imzolandi.
[gallery-12179]
Mazkur hujjat asosida Oliy sudning Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi negizida Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi tashkil etildi. Shunga ko‘ra, PR-markaz deb nomlanuvchi ushbu markaz hamda sudlar matbuot kotiblarining asosiy vazifalari aniq belgilab berildi. Aholi orasida sud hokimiyatining ijobiy timsolini shakllantirish va ilgari surish, sud faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan, matbuot anjumanlari, brifinglar tashkil etish yo‘li bilan aholiga muntazam, to‘liq va tezkor ravishda axborot taqdim etib borish, axborot makonining doimiy monitoringini olib borish, sudlar faoliyatiga doir axborotlar bo‘yicha jamoatchilik fikrini tahlil va prognoz qilish, tanqidiy va keng muhokama qilinayotgan materiallarga, axborot xurujlariga tezkor munosabat bildirish shular jumlasidandir.
Shuningdek, mazkur farmonga asosan “2023-2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimining axborot siyosati konsepsiyasi” ishlab chiqildi. Ta’kidlanganidek, bu sudlar matbuot kotiblaridan alohida mas’uliyat, izlanish, eng muhimi, sohaga oid qonunlar mohiyatini chuqur bilish va ularga qat’iy amal qilishni talab etadi. Shuningdek, ayni jarayonda sud tizimi matbuot kotiblari yordamida eng ochiq hokimiyat tizimi, axborot almashinuvida, ya’ni ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ochiqlik, xolislik va ishonchlilik asosiy mezon bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Trening mobaynida konsepsiya taqdimoti o‘tkazilib, unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
–Treningdan ko‘zlangan maqsad amaldagi qonunchilik asosida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bilan ishlash samaradorligini oshirishdan iborat, – deydi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. – Xususan, sudlov mohiyatini ochib berishga qaratilgan hamda sudlar faoliyati haqidagi boshqa axborot materiallari sifatini oshirish, sud ma’lumotlari bilan ishlashning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rgatish, sudlar faoliyatiga taalluqli, shu jumladan, tanqidiy ruhdagi materiallar bo‘yicha jurnalistlar va aholi bilan o‘zaro fikr almashish yuzasidan ishlarni yanada samarali tashkil etishdir.
Ikki kun davom etadigan mazkur trening davomida sud organlarining ijobiy media qiyofasini shakllantirishda matbuot kotiblari e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar, kommunikatsion jarayonlarni aniqlash va tizimlashtirish, ommaviy chiqishlarni samarali tashkil etish, zamonaviy media muhitda xavfsizlik xususida so‘z yuritiladi. Shuningdek, axborot kampaniyalari tashkil etishning zamonaviy usullari, inqirozli vaziyatlarda PR, sud tizimi axborot strategiyasini yaratish va amalga oshirish, sud tizimida gender masalalarini yoritishning tartiblari bo‘yicha keng tushuncha beriladi. Ishtirokchilar sun’iy idrok imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda kontent yaratish bo‘yicha ham o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlaydi.
Mashg‘ulotlar Oliy sudning Jamoatchilik bilan aloqalar markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mas’ullari, taniqli media ekspertlar va sudlar matbuot kotiblari o‘rtasida intensiv muloqot shaklida o‘tkazilmoqda
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA