Davlatimiz rahbarining Misrga tashrifini diqqat bilan kuzatdik. Samolyotlari Misrga qo‘nganidan boshlab, Misr Prezidentining o‘zi quchoq ochib kutib olgani bu – Prezidentimizga va O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan yuksak hurmatini anglatadi.
O‘zbekiston rahbari qayerga bormasin, eng katta maqsadi – xalq manfaati, mamlakat rivojiga oliy mezon sifatida qaraladi.
Davlatimiz rahbarining ko‘hna va betakror Misr zaminiga qilgan tashrifi chog‘ida ham ikki davlatning ko‘plab sohalarda o‘zaro hamkorligi yuzasidan yuksak darajadagi muloqotlar, ikki tomonlama muzokaralar va qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar – Yangi O‘zbekiston strategiyasi va Misrning “Yangi Respublika” dasturi bir-biriga hamohang ekanini, ayniqsa yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlarning uyg‘un ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Uchrashuvda davlat rahbarlari tomonidan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika kabi sohalardagi ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ayniqsa, savdo-iqtisodiy hamkorlikda mavjud ulkan imkoniyatlar va salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani alohida qayd etildi va savdoni ko‘paytirish uchun amaliy choralarni ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda, davlatimiz rahbari Misr yetakchi kompaniyalari rahbarlari va ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida ayni ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekani bildirildi va ularni O‘zbekistonga taklif qildi. Albatta, bu mamlakatimizning investitsion muhitini yanada yaxshilashga va bu orqali yangi ish o‘rinlarini ko‘payishiga, pirovardida esa aholi daromadlari oshishiga, xalqimizning turmush darajasini yaxshilashga olib keladi.
Misrning eng katta korxonalari to‘qimachilik, charm sanoati, zargarlik, energetika bo‘yicha yo‘nalishlarda O‘zbekistonga kelishini bildirdi. Nima uchun? Chunki, O‘zbekistonga ishonyapti, Prezidentimiz ularni ishontirdi. Endi ular kelsa, mamlakatimiz iqtisodiyoti yanada yaxshilanadi va ushbu loyihalar butun O‘zbekiston bo‘ylab, hududlarda amalga oshirilishi kutilyapti.
Tarif chog‘ida “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalarida ham samarali kelishuvlar amalga oshirildi.
Shuningdek, tashrif davomida Prezidentimiz buyuk ajdodimiz Axmad Al Farg‘oniyning noyob kashfiyoti bo‘lgan, bundan 12 asr avval qurgan “Miqyosi nil” qurilmasini ham borib ko‘rdilar. Davlatimiz rahbariga jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan ajdodimiz merosi, kashfiyotining insoniyat uchun ahamiyati haqida so‘zlab berildi.
Nilning o‘zandagi sathi aniq o‘lchovini kashf qilgan ajdodimiz Al Farg‘oniy Misrning tarixi va taraqqiyotida ehtirom bilan tilga olinishi har birimizga o‘zgacha bir iftixor, g‘urur tuyg‘usini bag‘ishlaydi albatta. Kimlarning avlodi ekanimiz, nimalarga qodir ekanimizdan dalolatdir.
Bir so‘z bilan aytganda, strategik, ijtimoiy, iqtisodiy hamkorlik har ikkala tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi.
Hamza Ro‘ziyev,
“Yuksalish” umummilliy harakati
Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
viloyat kengashi deputati
O‘zA