AOKAda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi axborot xizmati rahbari Abdurauf Rasulov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Belarus Respublikasi Standartlashtirish davlat qo‘mitalari o‘rtasida hamkorlik dasturi imzolandi.
Tomonlarning xalqaro majburiyatlarini hisobga olgan holda milliy texnik reglamentlar va davlat (milliy) standartlar almashishi yo‘lga qo‘yiladi.
“Belarus davlat standartlashtirish va sertifikatlashtirish instituti” ilmiy-ishlab chiqarish respublika unitar korxonasi va O‘zbekiston standartlar instituti o‘rtasida standartlashtirish bo‘yicha rasmiy hujjatlarni tarqatish huquqini berish to‘g‘risida shartnoma imzolash belgilandi.
Standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasida seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish va stajirovkalarni tashkil etish belgilandi.
Belarus Respublikasi Standartlashtirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mutaxassislari, shuningdek, ularning tashkilotlari tomonidan idoraviy davriy nashrlarda har ikki tarafni qiziqtirgan mavzudagi nashrlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA